Mirishkorlik davlat xizmatchilari va ularning oilalari uchun unutilmas Samarqand sayohati tashkil etildi
2025-05-25 09:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan mamlakatimizning turli hududlarida bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari hamda xayriya aksiyalari o‘tkazilmoqda. Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri joriy yilning 25-may kuni Mirishkor tumanida ham amalga oshirildi.
Mirishkor tumani hokimligi hamda O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Mirishkor tumani kengashi hamkorligida davlat fuqarolik xizmatchilari va ularning oila a’zolari uchun qadimiy va betakror Samarqand shahriga sayohat tashkil etildi. Ushbu sayohat nafaqat ma’naviy hordiq, balki jamoa o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, milliy qadriyatlarimiz va tarixiy merosimizni yanada chuqurroq o‘rganishga xizmat qildi.
Sayohat ishtirokchilari orasida tuman hokimligi mutaxassis va texnik xodimlari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda Yoshlar ishlari bo‘limi xodimlari va ularning yaqinlari bo‘lib, ular Samarqandning tarixiy ziyoratgoh va obidalari bilan yaqindan tanishish baxtiga muyassar bo‘lishdi.
Dastlab sayohatchilar Registon maydonini ziyorat qilishdi. O‘zining betakror me’morchilik uslubi, noyob naqsh va bezaklari bilan dunyo ahlining e’tiborini o‘ziga jalb etib kelayotgan ushbu maydon tarixidan so‘zlab berildi. Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalari haqida qiziqarli ma’lumotlar berilib, har bir inshootning o‘ziga xosligi ta’kidlandi.
Keyingi manzil Amir Temur maqbarasi — Go‘ri Amir majmuasi bo‘ldi. Bu yerda buyuk sarkarda va davlat arbobi Sohibqiron Amir Temur bobomizning hayoti va faoliyati, jahon tarixidagi o‘chmas izlari haqida hikoyalar tinglandi. Sayohatchilar maqbaraning me’moriy yechimi, undagi naqsh va yozuvlar, bezaklar bilan yaqindan tanishib, buyuk ajdodimizning nomi abadiy barhayot ekanini yana bir bor his etishdi.
Shuningdek, Bibixonim masjidi va Shohi Zinda majmuasi kabi tarixiy maskanlar ham ziyorat qilindi. Har bir ziyorat joyida ishtirokchilarga bu obidalar tarixiy qadri, yaratilish sababi va ular ortidagi afsonalar haqida so‘zlab berildi. Ayniqsa, Shohi Zinda majmuasidagi me’moriy obidalar va undagi muqaddas qadamjolar ishtirokchilarga katta taassurot qoldirdi.
Sayohat davomida ishtirokchilar uchun madaniy dastur ham tashkil etilib, Samarqand shahrining zamonaviy va tarixiy manzaralari bo‘ylab ekskursiya uyushtirildi. Oila a’zolari va farzandlar uchun quvnoq o‘yinlar va tanlovlar tashkil qilinib, barchaga bayramona kayfiyat ulashildi.
Mazkur sayohat tuman fuqarolik xizmatchilarining mashaqqatli mehnatini qadrlash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qildi. Ishtirokchilar tashkilotchilarga minnatdorlik bildirib, bunday tashabbuslar tez-tez o‘tkazilib turishini istashdi.
Mirishkor tumani hokimligi va kasaba uyushmasi kengashi tomonidan bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning kelgusida ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.



