Mirishkor tumani hokimi Fayzullo G‘ulomovning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi
2026-09-01 10:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar, muhtaram nuroniylar, hurmatli mehnat faxriylari, qadrli yoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, butun xalqimiz hayotidagi eng ulug‘ va qutlug‘ sanalardan biri — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Bu yil yurtimizda Mustaqillik bayrami tantanalari «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz» degan ezgu bosh g‘oya ostida nishonlanmoqda.
Qadrli tumandoshlar!
Mustaqillik bizga tayyor holda kelgan ne’mat emas.
Uning zamirida ajdodlarimizning orzu-armonlari, xalqimizning asriy intilishlari, Vatan taqdiri uchun kurashgan insonlarning mehnati va sabri mujassam. Shuning uchun ham mustaqillikni anglash — uning qadriga yetish demakdir.
Mustaqillik yillarida, ayniqsa, keyingi o‘n yilda mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirildi. Shahar va qishloqlarimiz qiyofasi tubdan yangilanib, zamonaviy ta’lim va tibbiyot muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari, yo‘llar, uy-joylar va ijtimoiy obyektlar barpo etilmoqda.
Eng muhimi, ilgari asosan qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan tumanimiz ham bugungi islohotlar natijasida tobora agrar-sanoat hududiga aylanib bormoqda. Endi biz nafaqat xomashyo yetishtirish, balki uni qayta ishlash va yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatiga ham ega bo‘lmoqdamiz.
Hurmatli tumandoshlar!
Istiqlolimizning 35 yilligini munosib mehnat natijalari va xalqimiz uchun quvonarli yangiliklar bilan qarshi olmoqdamiz. Ayniqsa, bayram arafasida tumanimizda 35 ta ijtimoiy soha obyekti va tadbirkorlik subyekti foydalanishga topshirilayotgani yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining yana bir amaliy ifodasidir.
Bu obyektlar, o‘z navbatida, aholiga yanada qulay shart-sharoit yaratish, yangi ish o‘rinlari ochish va ko‘plab oilalar farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan «Inson qadri uchun» tamoyili bugun davlat siyosatining bosh mezoniga aylandi. Zero, inson qadrini ulug‘lash — avvalo, har bir fuqaroning munosib hayot kechirishi, band bo‘lishi, daromad topishi va kelajakka ishonch bilan qarashi uchun zarur sharoit yaratish demakdir.
Shu maqsadda joriy yilning yanvar–iyul oylarida tumanimizda 20 682 nafar aholining bandligi va daromadini oshirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borildi. Jumladan, 2 429 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 2 752 nafarning mehnat faoliyati legallashtirildi, 15 501 nafar aholining daromadini oshirishga ko‘maklashildi.
Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ham manzilli va individual yondashuv asosida 483 ta oiladagi 1 700 nafar fuqaroga 1 736 ta daromadli xizmatlar ko‘rsatildi.
Natijada, 751 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 217 nafariga imtiyozli kredit, 30 nafariga subsidiya va ssuda ajratildi, 671 nafar tadbirkorlikka, 70 nafar esa kasb-hunarga o‘qitildi.
Bu ishlar bilan birga, tumanimiz iqtisodiy salohiyatini oshirish, investitsiyalarni jalb etish va yangi ish o‘rinlari yaratish borasida ham salmoqli natijalarga erishilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida 25 million AQSh dollari miqdorida eksport amalga oshirilib, 82 million AQSh dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.
Hududiy investitsiya dasturlari doirasida 15 ta yangi loyiha ishga tushirilib, 65 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, tijorat banklari tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 70 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi va bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Albatta, bu raqamlar shunchaki statistika emas. Bu — minglab oilalarning hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar, yangi ish o‘rinlari, yangi imkoniyatlar va ertangi kunga bo‘lgan ishonchdir.
Aziz mirishkorliklar!
Davlatimiz rahbari tomonidan aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, qishloqlarimiz qiyofasini tubdan yangilash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni alohida ta’kidlash joiz.
Xususan, Prezidentimizning 298-sonli qarorlariga asosan, Mirishkor va Pomuq mahallalariga «Yangi O‘zbekiston qiyofasi» maqomi berildi.
Shuningdek, Barhayot, Yangi hayot va Tinchlik mahallalari og‘ir toifadagi mahallalar sifatida tanlab olinib, ularni zamonaviy shahar muhiti va munosib yashash sharoitlariga ega namunaviy hududlarga aylantirish maqsadida 19 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, bugungi kunda keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, viloyat mahalliy budjeti hisobidan 6 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, Jeynov va Chandir mahallalarini bog‘lovchi 6 kilometrlik ta’mirtalab avtomobil yo‘li to‘liq ta’mirlanmoqda.
Shuningdek, Navbahor mahallasidagi 3 kilometr va Guliston mahallasidagi 3 kilometr yo‘llarga asfalt qoplamasi yotqizildi.
Ta’lim sohasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 39 milliard 400 million so‘mlik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, «Shodlik» mahallasidagi 9-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rekonstruksiya qilindi, «Istiqlol» mahallasida 330 o‘rinli, «Yangi Mirishkor» mahallasida esa 336 o‘rinli ixtisoslashtirilgan yangi maktablar bunyod etilmoqda.
Shuningdek, «Yangi obod» mahallasidagi 15-sonli umumta’lim maktabi binosi mukammal ta’mirlandi.
Budjet jarayonlarini shakllantirishda fuqarolarimizning ko‘rsatayotgan yuksak ijtimoiy faolligi va daxldorlik tuyg‘usini alohida e’tirof etish lozim.
«Tashabbusli budjet» loyihasi doirasida aholi uchun muhim bo‘lgan ijtimoiy obyektlarda qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2 ta obyekt — Tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi Oqmachit MFYda yangidan oilaviy shifokorlik punkti hamda Chandir shifoxonasida joriy ta’mirlash ishlari olib borildi.
Ushbu obyektlarda qurilish-ta’mirlash ishlari va issiqlik tizimini yangilash ishlari avgust oyi yakuniga qadar to‘liq foydalanishga topshirildi.
Shu bilan birga, Yangi Ariq mahallasi aholisining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish, elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash hamda kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hududda 5 ta yangi transformator punkti o‘rnatish, 220 ta temir-beton ustunlarni yangilash hamda yaroqsiz SIP simlarini zamonaviy yangi tarmoqlarga almashtirish ishlari olib borilmoqda.
Mirishkor tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan joriy yilgi kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida rejaga muvofiq 31 ta transformator punkti hamda 76 kilometr 0,4 va 10 kVli havo elektr uzatish liniyalari to‘liq ta’mirlandi.
Shuningdek, o‘ta yuklanish bilan ishlayotgan transformator punktlari xatlovdan o‘tkazilib, aholini sifatli va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 4 ta yangi transformator podstansiyasi o‘rnatildi.
Amalga oshirilayotgan mazkur keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari aholi turmush darajasini oshirish, hududlardagi muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasini yanada yaxshilash, eng muhimi, kuz-qish mavsumini barqaror va betalofat o‘tkazishga xizmat qilmoqda.
Qadrli mirishkorliklar!
Albatta, bugun erishayotgan barcha yutuq va natijalarimiz zamirida, eng avvalo, sizlarning halol mehnatingiz, fidoyiligingiz, tashabbuskorligingiz va ona yurtga bo‘lgan yuksak mehringiz mujassam.
Ana shu birdamlik va hamjihatlik bilan biz tumanimizni yanada obod, xalqimiz hayotini yanada farovon qilish yo‘lidagi ezgu ishlarimizni izchil davom ettiramiz.
Shu fursatdan foydalanib, tumanimiz taraqqiyotiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan barcha soha vakillariga — mehnatkash dehqon va fermerlarimizga, tadbirkorlarimizga, ustoz va muallimlarimizga, shifokorlarimizga, qurilish va sanoat sohasi xodimlariga, madaniyat va san’at ahliga, harbiylarimiz va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga, mahalla faollari, nuroniylar va yoshlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Hurmatli tumandoshlar!
Keling, barchamiz bir tan-u bir jon bo‘lib, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida yanada jipslashaylik.
Mustaqilligimizni ko‘z qorachig‘idek asrab, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shaylik!
Barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va ulkan zafarlar tilayman.
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon, Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin, aziz yurtdoshlar!
Yashasin ozod va obod O‘zbekistonimiz!
Mirishkor tumani hokimi
F.Q. G‘ulomov
