Mirishkor tumani IIB Migratsiya va personallashtirish guruhi "Xavsiz va sog‘lom yurt" tadbiri munosabati bilan tuman aholisiga murojaati
2026-07-11 15:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum, hurmatli Mirishkor tumani aholisi va mehmonlari!
Mamlakatimizda aholi migratsiyasi sohasini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, davlat xizmatlarini yanada soddalashtirish hamda fuqarolar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 10-iyulda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida"gi 1074-son Qonuni bilan mamlakatimizda yashash va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona huquqiy tizimi joriy etildi.
Biroq amaliyotda ayrim fuqarolarimiz orasida ushbu Qonun qabul qilinganidan so‘ng propiska tizimi butunlay bekor qilingan, degan noto‘g‘ri tushuncha shakllanganligini kuzatmoqdamiz.
Shu munosabat bilan alohida ta’kidlab o‘tamanki, amaldagi qonunchilikka muvofiq har bir fuqaro vaqtincha yoki doimiy yashash joyini o‘zgartirgan taqdirda, yangi manzilga kelgan kundan boshlab o‘n ish kuni ichida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tishi shart.
Buning uchun hududiy Migratsiya va personallashtirish guruhga, Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn tarzda xizmatdan foydalanishlari mumkin.
Hurmatli fuqarolar!
Qonun talablariga rioya etmaslik ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 223-moddasiga muvofiq, ro‘yxatdan o‘tmasdan yashagan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida, ushbu huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilganda esa besh baravari miqdorida jarima qo‘llaniladi.
Shuningdek, fuqaroni ro‘yxatdan o‘tmasdan yashashiga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari, bir yil ichida takroran sodir etilganda esa o‘n baravari miqdorida jarima belgilangan.
Aziz yurtdoshlar!
Qonun bilan joriy etilgan yana bir muhim yangilik — talabalar uchun yaratilgan qulayliklardir.
Endilikda talabalar talabalar turar joyiga joylashish bo‘yicha shartnoma rasmiylashtirilayotgan paytning o‘zida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kompozit davlat xizmati asosida vaqtincha ro‘yxatdan avtomatik tarzda o‘tkaziladi.
Bunda talaba ijara yoki turar joy shartnomasida ko‘rsatilgan, biroq bir yildan oshmagan muddatga vakolatli organ tomonidan onlayn tarzda vaqtincha ro‘yxatga qo‘yiladi.
Bu esa talabalarning ichki ishlar organlariga alohida murojaat qilishi, hujjat to‘plashi, navbat kutishi yoki davlat bojini alohida to‘lashi kabi ortiqcha ovoragarchiliklarni bartaraf etdi.
Bugungi kunda davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi natijasida inson omili kamayib, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar tezkor, shaffof va qulay shaklga o‘tmoqda.
Muhimi, aholining o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tishi davlat organlariga aholi hisobini aniq yuritish, yangi ish o‘rinlarini rejalashtirish, uy-joy siyosati, ijtimoiy va kommunal xizmatlarni samarali tashkil etish imkonini beradi.
Shu bois mazkur tizim faqat nazorat vositasi emas, balki hududlarni barqaror rivojlantirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish hamda aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan muhim mexanizm hisoblanadi.
Hurmatli fuqarolar!
Sizlarni vaqtincha yoki doimiy yashash joyingizni o‘z vaqtida qonun talablariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazishingizni, belgilangan tartibga qat’iy amal qilishingizni so‘rab qolaman.
Qonunga hurmat — jamiyatda tartib-intizom va barqarorlikning muhim kafolatidir.
