Munosabat
2026-07-07 10:00:00 / Rasmiy munosabat
IJTIMOIY TARMOQLARDA TARQATILGAN VIDEOMUROJAAT YUZASIDAN RASMIY MUNOSABAT
YouTube platformasidagi sahifada fuqaro Raxmatullayeva Navbahor tomonidan Majburiy ijro byurosi xodimlari uni yashab turgan xonadondan majburiy tartibda chiqarib yuborgani, murojaatlari e’tiborsiz qoldirilayotgani hamda ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bilan boshpanasiz qolganligi yuzasidan videomurojaat e’lon qilindi.
Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar asosida o‘rganish ishlari olib borildi.
Aniqlanishicha, Mirishkor tumani, “O‘zbekiston” ko‘chasi, 9-uy, 3-xonadon 2016-yil 17-noyabr kuni davlat notarial idorasi notariusi tomonidan tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasiga asosan fuqaro N. Raxmatova tomonidan qonuniy ravishda sotib olingan hamda mazkur ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqi 2019-yil 11-iyun kuni davlat ro‘yxatidan belgilangan tartibda o‘tkazilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, videomurojaat muallifi Navbahor Raxmatullayevaning shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘i Sh. Jo‘rayev dastlab ushbu xonadonga ijarachi sifatida joylashgan. Keyinchalik u xonadon egasi bilan mazkur uy-joyni 50 million so‘m evaziga sotib olish bo‘yicha faqat og‘zaki kelishuv mavjud bo‘lganini, shundan 44 million so‘mni berganini bildirgan. Biroq qolgan 6 million so‘m to‘lanmagani yoki xonadon egasi tomonidan qabul qilinmagani bilan bog‘liq nizolar turli fuqarolik ishlari doirasida sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan.
Mazkur nizoga huquqiy baho berish yakunida Qashqadaryo viloyati sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025-yil 1-iyuldagi ajrimi bilan mulkdor N. Raxmatovaning Sh. Jo‘rayevni uy-joydan chiqarish haqidagi da’vo arizasi to‘liq qanoatlantirilgan.
Shundan so‘ng Sh. Jo‘rayev tomonidan mazkur sud hujjatlari ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga taftish tartibida shikoyat kiritilgan. Biroq Oliy sud sudyasining 2025-yil oktyabr oyidagi ajrimi bilan taftish tartibidagi shikoyatni ko‘rib chiqish uchun ish yurituviga qabul qilish rad etilgan hamda amaldagi protsessual qonunchilikka muvofiq Oliy sud raisi yoki uning o‘rinbosariga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.
Keyinchalik Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosariga yuborilgan murojaat ham belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, quyi instansiya sudlari tomonidan ishning barcha holatlariga to‘liq va xolisona huquqiy baho berilgani qayd etilgan hamda ilgari qabul qilingan sud hujjatlari o‘z kuchida qoldirilgan.
Shu tariqa, mazkur nizoga oid sud qarorlari qonuniy kuchga kirgan bo‘lib, ularni bajarish Qonun talablariga muvofiq majburiy hisoblanadi.
Qonuniy kuchga kirgan ijro hujjati 2025-yil 16-iyul kuni Majburiy ijro byurosining Mirishkor tuman bo‘limiga kelib tushgan va ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
Ijro jarayonida qarzdor Sh. Jo‘rayevga sud hujjatini ixtiyoriy ravishda bajarish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan muddat va imkoniyatlar yaratilgan. Shuningdek, u sudning yuqori instansiyalariga murojaat qilgani inobatga olinib, ijro harakatlari bir necha bor qoldirilgan.
Umuman olganda, mazkur ijro hujjatini bajarish bo‘yicha yetti marotaba ijro harakatlari belgilangan, to‘rt marotaba esa qarzdorni majburiy keltirish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Biroq Sh. Jo‘rayev turli sabablarga ko‘ra ijro harakatlarida ishtirok etmagan hamda sud hujjatini ixtiyoriy ravishda bajarishni ta’minlamagan.
Shundan so‘ng 2026-yil 9-iyun kuni qonunchilik talablariga to‘liq rioya qilingan holda, xolislar hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida majburiy ijro harakatlari amalga oshirilgan. Qarzdorga tegishli mol-mulklar belgilangan tartibda xatlovdan o‘tkazilib, 2026-yil 11-iyun kuni tilxat asosida egasiga qaytarilgan.
Shuningdek, fuqaro N. Raxmatovaga nisbatan firibgarlik holati yuzasidan ichki ishlar organlariga taqdim etilgan ariza qonunchilikda belgilangan tartibda tergovga qadar tekshiruvdan o‘tkazilgan. O‘tkazilgan tekshiruv yakunlariga ko‘ra, holatda jinoyat tarkibi va jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual qonunchiligi talablariga muvofiq jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Bundan tashqari, uy egasi tomonidan Sh. Jo‘rayevga qaytarilishi lozim bo‘lgan 44 000 000 (qirq to‘rt million) so‘m pul mablag‘i uning tomonidan olinmaganligi sababli, mazkur mablag‘ saqlash uchun viloyat Ichki ishlar boshqarmasining depozit hisob raqamiga o‘tkazilgan. Bu haqda Sh. Jo‘rayev belgilangan tartibda xabardor qilinib, ushbu pul mablag‘ini istalgan vaqtda qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda olish huquqiga ega ekanligi tushuntirilgan.
Mazkur jarayonda fuqarolarning ijtimoiy himoyasi masalasi ham e’tibordan chetda qolmagan.
Mirishkor tumani hokimining topshirig‘iga asosan tuman hokimi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i, “Yangi Mirishkor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi hamda mahalla xotin-qizlar faoli tomonidan N. Raxmatullayevaga ijtimoiy uy-joydan vaqtincha foydalanish uchun yashash joyi taklif etilgan. Biroq ushbu taklif fuqaro tomonidan rad etilgan.
Shuningdek, tuman hokimi Fayzullo G‘ulomov fuqaro bilan shaxsan uchrashib, nizoli xonadon yuzasidan sudning yakuniy qarori mavjudligi sababli ijro etilishi majburiy ekanligini, ijro jarayoniga mahalliy davlat hokimiyati organlari aralashishga haqli emasligini tushuntirgan. Shu bilan birga, fuqaroning ijtimoiy ahvolidan kelib chiqib, unga ijtimoiy uy-joy ajratish yoki ijara to‘lovlarini qoplash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligi bildirilgan.
Videomurojaatda fuqaro o‘zini farzandlari bilan ko‘p qavatli uyning kirish yo‘lagida yashayotganini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, tuman hokimi bilan uchrashuv davomida aynan shu ko‘p qavatli uydagi xonadonlardan birida ijara asosida yashayotganini tasdiqlagan.
Shuningdek, fuqaroga, agar u ayrim mansabdor shaxslar yoki fuqarolarning harakatlarida qonun buzilishi alomatlari mavjud deb hisoblasa, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki sudga murojaat qilish huquqiga egaligi batafsil tushuntirilgan.
Shu bilan birga, OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilish har bir fuqaroning Konstitutsiyada kafolatlangan huquqi hisoblanadi. Biroq ushbu huquqni amalga oshirish jarayonida boshqa shaxslarning sha’ni, qadr-qimmati, ishchanlik obro‘si hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga putur yetkazuvchi, ishonchliligi tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatishga yo‘l qo‘yilmasligi lozim.
Xususan, videomurojaatda prokuratura organlari xodimlari manziliga hech qanday sud hujjati yoki boshqa dalillar bilan tasdiqlanmagan, asossiz ayblovlar ilgari surilgan. Mazkur bayonotlar amaldagi qonunchilik nuqtai nazaridan huquqiy baholanishi mumkin bo‘lgan holatlardan hisoblanadi.
Bundan tashqari, videoni e’lon qilgan axborot resursi egasi va bloger tomonidan holat yuzasidan videoda tilga olingan davlat organlarining rasmiy pozitsiyasi olinmagan, sud hujjatlari mazmuni o‘rganilmagan hamda axborotning ishonchliligi tekshirilmagan holda bir tomonlama yoritilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 81-moddasiga muvofiq ommaviy axborot vositalari o‘zlari tarqatayotgan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir. Shuningdek, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunning 12¹-moddasida fuqarolarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi axborotni tarqatishga yo‘l qo‘yilmasligi, veb-sayt va boshqa axborot resurslari egalari, shu jumladan blogerlar, ommaga taqdim etilayotgan axborotning haqqoniyligini oldindan tekshirishi shartligi belgilangan.
Shu sababli ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan har qanday axborotni bir tomonlama talqin qilish, rasmiy manbalarning izohisiz e’lon qilish hamda sud hujjatlari bilan aniqlangan holatlar yuzasidan noto‘g‘ri tasavvur shakllantirish jamiyatda asossiz e’tirozlar va huquqiy ongning noto‘g‘ri shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Mirishkor tumani hokimligi fuqarolarning murojaatlari doimo e’tiborda ekanini, ularning ijtimoiy muammolarini qonun doirasida hal etish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilishini yana bir bor ma’lum qiladi.
Shuningdek, fuqarolarni o‘z murojaatlarini qonunchilikda belgilangan tartibda, boshqa shaxslarning huquq va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini hurmat qilgan holda amalga oshirishga, axborot tarqatuvchi shaxslar va blogerlarni esa ommaga taqdim etilayotgan ma’lumotlarning haqqoniyligini sinchkovlik bilan tekshirish, xolislik, muvozanat va qonuniylik tamoyillariga qat’iy rioya etishga chaqiramiz.
