Mirishkor tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Xaydarovning tumandoshlarimizga murojaati
2026-07-03 15:35:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli Mirishkor tumani aholisi!
Yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu maqsadda joriy yilning 1-iyulidan 31-iyuliga qadar respublikamiz hududida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlar oyligi o‘tkazilmoqda.
Mazkur oylik doirasida jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, fuqarolarning hayoti va mol-mulki daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mahallalarda tinch va osoyishta muhitni saqlash borasidagi ishlar yanada kuchaytiriladi. Bunda ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, tegishli davlat idoralari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda keng jamoatchilikning hamkorligiga alohida e’tibor qaratiladi.
Tadbir davomida, avvalo, jinoyatchilikning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi murosasiz kurash olib borish, oilaviy zo‘ravonlik holatlarining oldini olish hamda jabrlanuvchilarni himoya qilish bo‘yicha tizimli choralar amalga oshiriladi.
Shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etish, haydovchilar va piyodalarning yo‘l harakati qoidalariga rioya etishini kuchaytirish, noqonuniy migratsiya, noqonuniy qurol-yarog‘ saqlash, firibgarlik, kiberjinoyatlar hamda boshqa turdagi huquqbuzarliklarga qarshi profilaktik va tezkor tadbirlar izchil davom ettiriladi.
Aziz tumandoshlar!
Har bir mahalla, har bir ko‘cha va har bir xonadonda osoyishtalikni ta’minlash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki har bir ongli fuqaroning ham fuqarolik burchidir. Jinoyatchilikka qarshi kurashishda jamoatchilikning hushyorligi, befarq bo‘lmasligi va faol hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Sizlardan shubhali shaxslar, noqonuniy xatti-harakatlar, giyohvandlik vositalarining tarqalishi, oiladagi zo‘ravonlik holatlari, yo‘l harakati qoidalarining qo‘pol buzilishi yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa holatlar yuzasidan ichki ishlar organlariga zudlik bilan xabar berishingizni so‘raymiz. Sizning o‘z vaqtida bergan ma’lumotingiz ko‘plab salbiy oqibatlarning oldini olishga, insonlar hayoti va salomatligini asrashga xizmat qilishi mumkin.
Ichki ishlar organlari har bir murojaatni qonuniylik, xolislik va adolat tamoyillari asosida ko‘rib chiqadi. Bizning asosiy maqsadimiz — Mirishkor tumanida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, fuqarolarimiz uchun yanada osoyishta va farovon hayot muhitini yaratishdan iborat.
Qadrli yurtdoshlar!
Barchangizni “Xavfsiz va sog‘lom yurt” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlar oyligida faol ishtirok etishga, qonunlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga, farzandlarimiz tarbiyasiga alohida e’tibor qaratishga hamda yurtimiz tinchligi va mahallalarimiz osoyishtaligini saqlash yo‘lida ichki ishlar organlari bilan hamkorlik qilishga chorlayman.
Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilangina Mirishkor tumanida xavfsiz, tinch va farovon hayotni yanada mustahkamlay olamiz.
Hurmat bilan,
G‘ayrat Xaydarov
Mirishkor tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i
