Munosabat
2026-06-10 14:30:00 / Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda “Mirishkor tumani Guliston mahallasida gaz balloni uchun oylab navbat, ichimlik suvi atrofida chiqindilar, mas’ullar esa jim. Aholi nega hokim va saylagan deputatiga ishonmay qo‘ydi?” sarlavhasi ostida tarqatilgan xabar yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
Mirishkor tumani Guliston mahallasida ayni paytda 904 nafar suyultirilgan gaz iste’molchisi ro‘yxatda mavjud bo‘lib, aholini gaz ballonlari bilan ta’minlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilning may oyida 555 nafar iste’molchiga, iyun oyining boshidan buyon esa 222 nafar iste’molchiga to‘ldirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi. Jumladan, 2026-yil 9-iyun kuni ham mahalla aholisiga navbatdagi gaz ballonlari tarqatildi va mazkur jarayon davom ettirilmoqda.
Shuningdek, maqolada ichimlik suvi saqlanadigan hudud atrofida chiqindilar to‘planib qolgani haqida ma’lumot keltirilgan. Mazkur holat yuzasidan shuni ta’kidlash lozimki, ichimlik suvi saqlash inshootida sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etilib, tozalik va dezinfeksiya ishlari muntazam ravishda olib boriladi. 
Shu bilan birga, hududda chiqindilar bilan bog‘liq holatlar yuzasidan mas’ul tashkilotlar hamda ishchi guruh tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.
Xabarda hokimlik faoliyati bir tomonlama yondashuv asosida baholanib, rahbariyatning mazkur masalalarga befarqligi haqida fikr bildirilgan. Biroq bunday xulosalar mavjud vaziyatni to‘liq aks ettirmaydi. Mirishkor tumani hokimligi tomonidan aholi murojaatlarini o‘rganish, muammolarni hal etish bilan birga fuqarolar bandligini ta’minlash, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Guliston mahallasida ham yo‘l, obodonlashtirish, ichimlik suvi, elektr energiyasi, aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Mahalla ahlining mehnatsevarligi, yoshlarning ta’lim va sportdagi yutuqlari, hududda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari ham mazkur mahallada ijobiy o‘zgarishlar izchil davom etayotganidan dalolat beradi.
Shu sababli, har qanday masalaga xolis va atroflicha yondashish, mavjud holatni barcha jihatlari bilan o‘rganib, haqqoniy xulosa chiqarish maqsadga muvofiqdir. Mahallada mavjud ayrim muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ul tashkilotlar tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda va bu boradagi ishlar doimiy nazoratda saqlanadi.
