“O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kubogi” musobaqalarining tuman bosqichiga start berildi
2026-04-17 11:25:00 / Yangiliklar

Bugun tuman sport maktabida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari o‘rtasida “Sog‘lom tanda – sifatli tibbiyot” shiori ostida “O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kubogi” musobaqalarining tuman bosqichiga start berildi. Ushbu sport tadbiri tibbiyot xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jamoaviylikni mustahkamlash hamda ularning jismoniy faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbirni tuman hokimi Fayzullo G‘ulomov ochib berib, o‘z nutqida sportning inson salomatligidagi o‘rni, ayniqsa, sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar uchun jismoniy chiniqishning ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, u barcha ishtirokchilarga omad tilab, halol va murosasiz bellashuvlar bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Musobaqalar sportning bir qator ommabop turlari – voleybol, mini-futbol, stol tennisi, shaxmat va shashka bo‘yicha o‘tkaziladi. Har bir yo‘nalishda jamoalar va ishtirokchilar o‘z mahoratini namoyon etib, tuman bosqichi g‘olibligi uchun kurash olib boradi.
Mazkur musobaqalar nafaqat sport bayrami, balki tibbiyot xodimlari o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlash, sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda ularning ish faoliyatiga ijobiy ruh bag‘ishlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
