Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan tabrik
2025-12-12 14:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Muhtaram dehqon va fermerlar!
Qishloq xo‘jaligi sohasida halol mehnat qilayotgan aziz yurtdoshlar!
Avvalo, barchangizni, tumanimiz mehnatkash ahlini Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan chin qalbimdan qutlayman. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, xalqimiz dasturxonini to‘kin qilish, mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashda qishloq xo‘jaligi har doim strategik ahamiyatga ega bo‘lib kelgan.
Hurmatli Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi xodimlarini “O‘z yelkasida ulug‘ va muhim sohaning zalvorli yukini ko‘tarib kelayotgan mirishkor dehqon va fermerlar, zahmatkash chorvador va pillakorlar, mohir suvchi va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator va agronomlar, jonkuyar olim va mutaxassislar — dunyodagi eng olijanob kasb egalaridir”, deya yuksak baholaganlar.
Ana shu ulug‘ so‘zlarning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, 2017 yildan buyon qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni yurtimizning barcha hududlarida keng nishonlanib kelinmoqda. Bugun biz ham ana shu qutlug‘ sana munosabati bilan tumanimizdagi barcha agrar soha vakillarini samimiy tabriklaymiz.
Azaldan eng qadimiy va olijanob kasb egalari bo‘lgan qishloq xo‘jaligi xodimlarining fidoyiligi, ruhiy matonati va jasorati har qanday yuksak e’tirofga munosibdir. Tabiat quvvasi, iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining cheklangani, zararkunandalar va turli xatarlar bilan kurashish — bularning barchasi har bir dehqondan katta ilm, tajriba va intizom talab etadi.
Qadrli tadbir ishtirokchilari!
So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini tubdan modernizatsiya qilish, agrotexnologik jarayonlarni avtomatlashtirish, suv tejaydigan innovatsion tizimlarni joriy etish borasida amalga oshirilgan ishlar salmoqli natijalar bermoqda.
Joriy yilning qizg‘in yozidagi issiqlar va suv tanqisligiga qaramasdan, dehqon va fermerlarimiz iroda va matonat bilan harakat qilib, barcha tarmoqlarda mo‘l hosil yetishtirishga erishdilar. Bu — hosildorlikni oshirish, agrotexnika qoidalariga qat’iy amal qilish va mehnatkashlarimiz mas’uliyatining amaliy isbotidir.
Pillachilik sohasidagi natijalar
Tumanimizda azaldan "etti xazinaning biri" hisoblangan pillachilikka g‘oyat katta e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilda 87,1 tonna “kumush tola” xirmoni yaratildi.
Bu raqam — tumandagi pillachilik sohasida ko‘p yillik amaliy tajriba, ilg‘or agrotexnologiyalar va mehnat intizomining o‘ziga xos plodidir.
2025 yil hosil mavsumi uchun:
- Fermer xo‘jaliklarimiz jami 65,3 gektar maydonga g‘alla urug‘i ekib, rejani 100 foizdan ortiq bajardi va 65,3 tonna hosil topshirdi.
Bu raqam har gektar yer samarali va oqilona sug‘orilganini, agrotexnik tadbirlar to‘liq bajarilganini anglatadi. - Jami:
- 65 296 tonna (101%) g‘alla,
- 83 281 tonna (104,9%) paxta,
- 87,1 tonna (106,8%) pilla yetishtirildi.
Foizlardagi yuqori ko‘rsatkichlar rejadan ancha yuqori bajarilganini, mehnat unumdorligi va agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri olib borilganini ko‘rsatadi.
Joriy yilda fermerlar tomonidan:
- 25 ta zamonaviy paxta terish mashinalari,
- 5 ta yangi lazerli tekislash uskunalari xarid qilindi.
Bu esa yalpi hosilni qisqa muddatda yig‘ib olish, yerlarni aniq tekislash va sug‘orish sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Tumanda:
- 13,1 km kollektor-drenaj tizimi rekonstruksiya qilindi,
- 170 km ariqlar betonlashtirildi.
Melioratsiya ishlarining takomillashtirilishi yerlarning unumdorligini oshirish, suv yo‘qotilishini kamaytirish va hosildorlikni barqaror saqlashda asosiy omildir.
Suv tejaydigan texnologiyalar — zamonaviy agrar rivojlanish asosi
Davlatimiz tomonidan subsidiyalar ajratilishi hisobidan:
- 6000 gektarga tomchilatib sug‘orish,
- 500 gektarga yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari joriy etildi.
Bu texnologiyalar suv sarfini 40–50 foizga kamaytirib, hosildorlikni sezilarli oshirish imkonini beradi.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida:
- 11,9 ming tonna kartoshka,
- 2,9 ming tonna uzum,
- 25,6 ming tonna sabzavot,
- 12,9 ming tonna poliz mahsulotlari yetishtirildi.
Bu raqamlar aholini arzon va sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.
2025 yilning yanvar–sentabr oylarida:
- 37,6 mln dollarlik investitsiya rejalashtirilgan bo‘lsa,
amalda 60,5 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etildi (160%).
O‘tgan yilga nisbatan 243 foiz o‘sish — tumanimizning investitsiyaviy jozibadorligi oshganidan dalolat beradi. - Eksport rejasi 8,5 mln dollar bo‘lib,
10,9 mln dollarlik mahsulot eksport qilindi (128%).
Shuningdek, hududiy investitsiya dasturlari doirasida:
- 87,3 mlrd so‘mlik 25 ta loyiha amalga oshirildi,
- 717 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Qadrli tumandoshlar!
Yana bir quvonarli voqeani Siz azizlar bilan bo‘lishmoqchiman, Prezidentning “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, Mirishkor tumanidagi "Turon agrotexservis mashina-traktor parki" mas’uliyati cheklangan jamiyatining g‘alla o‘rish kombayni operatori Ibodullayev Jumanazar Maxmatmurodovich "Shuhrat" medali bilan, Qishloq xo‘jaligi vaziri imzolagan hujjatga bilan, Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani fermerlari kengashi raisi Sharopov Muxtor Erkayevich, Mirishkor tumani “Asadbek Mirzohidovich” fermer xo‘jaligi Rahbari Barotov Mirzohid Xoniboyevichlar “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan, Prezident qaroriga muvofiq:
1. “Chamanzor oltin dalalari” fermer xo‘jaligi rahbari — Ahmedov Bunyod Toshpo‘latovich
2. “Jumaev Beknazar” fermer xo‘jaligi rahbari — Jumayev Bobomurod Beknazarovich
3. “Eshqul Nafasov” fermer xo‘jaligi rahbari — Nafasov Ulug‘bek Narzullaevich
4. “Sahro gumbazi” fermer xo‘jaligi rahbari — Abdikarimov Zokir Choriqulovich
5. “Choriyev Rajabboy To‘raqulovich” fermer xo‘jaligi rahbari — To‘raqulov Shavkat Rajabboy o‘g‘li
6. “O‘roqov Rizoqul” fermer xo‘jaligi rahbari — Uroqov Rizoqul Xolmirzayevich
7. “Usmonov Jalil” fermer xo‘jaligi rahbari — Usmonov Qahramon Normamatovich
8. “Xasanov Bakhtiyor” fermer xo‘jaligi rahbari — Hasanov Adham Baxtiyorovich
9. “Nurafshon o‘gloni” fermer xo‘jaligi rahbari — Choriqulov G‘olibjon Rajabqulovich
10. “Javohir g‘ururi” fermer xo‘jaligi rahbari — Erkayev Hamidjan Zaribboevich
11. “Shomatov Ernazar Shomatovich” fermer xo‘jaligi rahbari — Ernazarov Mirkamol Imomnazar o‘g‘li
12. “Tinchlik” fermer xo‘jaligi rahbari — Xalekov Yangibay
13. “Orziqul” fermer xo‘jaligi rahbari — Xolov Maxtum Oqievich
14. “Rustamova Munira” fermer xo‘jaligi rahbari — Joniyev Istam Rustamovich
15. “Choriyev Xayitqul” fermer xo‘jaligi rahbari — Choriyev Xayitqul Xudoyqulovich
16. “Bekzod Obod sardori” fermer xo‘jaligi rahbari — O‘tkurov Shavkat Usmonovich
17. “Yorqin” fermer xo‘jaligi rahbari — Tursunov Ashirboy Xayitovich
18. “Meyliev Turdi” fermer xo‘jaligi rahbari — Sodiqov Ochil Abdievich
19. “Muxiddin Sodiqovich” fermer xo‘jaligi rahbari — Gulnazarov Zokirjon Sodiqovich
20. “Jannat ostonasi” fermer xo‘jaligi rahbari — Navruzov Javoxir Sunnatilla o‘g‘lilar “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandilar.
Azizlarim!
Muhtaram agrar soha vakillari!
Bugungi barcha yutuqlarimiz — sizlarning kundalik zahmatingiz, daladagi uzluksiz mehnatingiz, agrotexnika qoidalariga sidqidildan amal qilishingiz samarasidir. Tumanimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissangiz uchun sizlarga chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Yangi mavsumda barchangizga barakali hosil, to‘kinchilik, ishongan rejalaringizning muvaffaqiyatli amalga oshishini tilayman!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz dehqon va mehnatkash fermerlar!
Hurmat bilan,
G‘ulomov Fayzullo Qurbonovich,
Mirishkor tumani hokimi
