Mirishkor cho‘l hududlarida yaylovlarni tiklash bo‘yicha yirik amaliy-ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi
2025-12-09 11:00:00 / Yangiliklar

Mirishkor tumani markazidan 30 kilometr uzoqlikdagi Avazcho‘l kengliklarida joylashgan “Bo‘ston” mahallasi hududida degradatsiyaga uchragan yaylov maydonlarini rekultivatsiya qilish, cho‘l zonasi uchun xos yaylov o‘simliklarining birlamchi urug‘chilik plantatsiyalarini barpo etish hamda yaylovlarni bosqichma-bosqich yashillashtirishga bag‘ishlangan amaliy-ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Tadbirda tuman hokimi Fayzullo G‘ulomov, Buxoro va Samarqand viloyatlaridan tashrif buyurgan ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, professor-o‘qituvchilar, Qashqadaryo viloyati hududiy yaylov xo‘jaliklari boshqarmasi rahbari Furqat Tursunov, Turkman milliy madaniy markazi rahbari, “Do‘stlik” ordeni sohibi Umrzoq Quvvatov, viloyati Kengashi deputati, “G’ofur G’ulom” chorvachilik MCHJ Rahbari Ne’mat Jumaqulov hamda viloyatda faoliyat yuritayotgan yaylov chorvachiligi yo‘nalishidagi 10 ta MCHJ rahbarlari, Mahallalar, Ekologik partiya vakillari, jami 500 nafarga yaqin ishtirokchilar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Mirishkor tumanida Respublika Chorvachilik va Veterinariyani rivojlantirish qo‘mitasi huzuridagi Buxoro cho‘l yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tomonidan cho‘l landshaftlarini tiklashga qaratilgan yirik ekologik-agrobotanik loyiha amaliyotga joriy etildi.
O‘tgan yilda 1000 gektar maydon rekultivatsiya qilingan bo‘lsa, joriy yilda hashar va jamoatchilik ishtiroki asosida yana 1000 gektarda O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitob”iga kiritilgan 14 turdagi qimmatli ko‘p yillik cho‘l o‘simliklarining — saksovul, qaragan, cherkes, iloq, izen, kovrak, chug‘an va boshqa noyob flora vakillarining urug‘lari ekildi. Ushbu ishlar mintaqaning yaylov potensialini oshirish, shamol eroziyasiga qarshi tabiiy bar’yerni shakllantirish hamda chorvachilik uchun barqaror yem-oziqa bazasini yaratishga xizmat qiladi.
Seminar doirasida yaylov xo‘jaligi doir ilmiy-amaliy ishlanmalar, sohaga doir preparatlar, cho‘l o‘simliklarining urug‘chilik texnologiyalari, agrotexnik tadbirlar namoyish etildi. Shuningdek, tuyachilik, yilqichilik, qo’ychilik, ovchilik, qolaversa, agrotexnika vositalari hamda mahalliy milliy taomlar ko‘rgazmalari tashkillashtirilib, ishtirokchilarga keng qamrovli ma’lumotlar taqdim qilindi.
Aytib o‘tish joizki, ushbu tashabbus Mirishkor tumanida ekologik barqarorlikni ta’minlash, cho‘l landshaftlarining tabiiy resurs salohiyatini tiklash va yaylov chorvachiligini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.









