Mirishkor tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik G‘ayrat Xaydarovning “Xavfsiz va sog‘lom yurt” profilaktika tadbiri oyligi munosabati bilan fuqarolarga murojaati
2025-12-09 08:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, hurmatli tumandoshlar!
Yurtimizda 20-noyabrdan 20-dekabrga qadar jinoyatchilikning oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” profilaktika tadbiri oyligi o‘tkazilmoqda. Ushbu oylikning bosh maqsadi – huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish, aholining huquqiy ongini, hushyorlik madaniyatini yanada oshirishdir.
Bugun jamiyatimizda jinoyatchilikka qarshi kurash faqatgina davlat organlarining emas, balki har bir fuqaromizning ham burchi va mas’uliyatidir. Har birimizning ogohligimiz, qonuniylikka sadoqatimiz – ertangi kunimiz xavfsizligi va farovonligining mustahkam poydevoridir.
Hurmatli yurtdoshlar!
Shaxsiy va mulkiy manfaatlaringizni himoya qilish, firibgarlik va aldovlarning oldini olish maqsadida quyidagilarga e’tibor qaratishingizni so‘raymiz:
Fuqarolik-huquqiy munosabatlarda ehtiyotkorlik
Har qanday turdagi oldi-sotdi, garov, ijara yoki boshqa fuqarolik-huquqiy bitimlarni faqat notarial tartibda rasmiylashtiring. Hujjatlarning yuridik kuchga ega bo‘lishi va nizolar kelib chiqishining oldi olinishi uchun bu eng samarali yo‘ldir.
Mulkingizni himoya qiling
Uy-joy va xonadonlaringizni kuzatuv kameralari, tashvish tugmalari, gaz analizatorlari, yong‘in haqida ogohlantiruvchi moslamalar bilan jihozlab, ichki ishlar organlarining qo‘riqlash xizmati xizmatlaridan foydalanishingizni tavsiya etamiz.
Qo‘riqlash xizmati: 1131
Yo‘l harakati xavfsizligi – umumiy mas’uliyat
Alkogolli ichimlik iste’mol qilgan holda transport vositasini boshqarish qonun bilan qat’iyan taqiqlangan. Bunday huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda shaxs:
- ma’muriy javobgarlikka tortiladi;
- BHMning 40 baravari miqdorida jarima solinadi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq qo‘llanadi;
- transport vositasini boshqarish huquqidan 1 yil 6 oydan 3 yilgacha mahrum etilishi mumkin.
Holat takror sodir etilsa, ushbu qilmish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Ekologik talablarga rioya qiling
Foydalanayotgan transport vositalaringizning ekologik ko‘rsatkichlari me’yorlarga mos bo‘lishi shart. Atmosferaga zararli moddalarning me’yordan ortiq chiqarilishi qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shu bois, avtomobilingizni o‘z vaqtida texnik ko‘rik va diagnostikadan o‘tkazing.
Kiberxavfsizlik – zamon talabi
Bugungi kunda kiberjinoyatlar tobora ko‘payib borayotganini inobatga olib, quyidagilarga qat’iy amal qiling:
- Bank kartalari orqali to‘lovni faqat rasmiy ilovalar va ishonchli platformalar orqali amalga oshiring.
- Begona shaxslarga hech qachon sms-kod, PIN-kod yoki bank ma’lumotlarini aytmang.
- Telegram yoki boshqa messenjerlar orqali yuborilgan .apk formatdagi noma’lum fayllarni ochmang – bu zararli dastur bo‘lishi mumkin.
Hurmatli fuqarolar!
Sizning ogohligingiz, qonunlarga hurmatingiz va hamkorligingiz Mirishkor tumanida tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni yanada mustahkamlaydi. Har birimizning hushyorligimiz, mas’uliyatli munosabatimiz – “Xavfsiz va sog‘lom yurt” barpo etish yo‘lidagi eng katta hissamizdir.
O‘z xavfsizligimizni o‘zimizdan boshlaylik!
Yurtimiz farovonligi, tinchligi va kelajagi yo‘lida birgalikda harakat qilaylik.
Hurmat bilan,
podpolkovnik G‘ayrat Xaydarov
Mirishkor tumani IIB boshlig’i
