NAMANGANLIK YOSHLAR “YOSH FERMERLAR” CHEMPIONATIDA 100 MILLION SO‘MLIK MUKOFOTNI QO‘LGA KIRITDI
2026-11-16 10:05:00 / Yangiliklar
Toshkent shahrida yosh fermerlar o‘rtasida tashkil etilgan “Yosh fermerlar” chempionatida Namangan viloyati yoshlari munosib ishtirok etib, ikki nominatsiyada bosh mukofotlarni qo‘lga kiritdi.
Namangan yoshlari sahifasining ma’lum qilishicha, mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan yosh dehqon va fermerlar, qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari hamda yosh agroblogerlar ishtirok etgan mazkur chempionatda qatnashchilar o‘z bilim, tajriba, amaliy ko‘nikma va salohiyatlarini namoyish etdilar.
Quvonarlisi, bellashuv yakunlariga ko‘ra, Namangan viloyati vakillari ikki muhim nominatsiyada g‘oliblikni qo‘lga kiritib, 100 million so‘mlik jami mukofot jamg‘armasiga sazovor bo‘lishdi.
Jumladan, “Yilning eng yosh agroblogeri” nominatsiyasida Mingbuloq tumanidan Valijonov Jamshidbek tengsiz deb topilib, 50 million so‘mlik bosh mukofot bilan taqdirlandi.
Shuningdek, “Yilning eng yosh dehqoni” nominatsiyasida Yangiqo‘rg‘on tumanidan Xasanov Rustamjon g‘olib deb topildi. Unga 50 million so‘mlik bosh mukofot topshirildi.
Mazkur natijalar Namangan viloyatida qishloq xo‘jaligiga qiziquvchi, zamonaviy dehqonchilik usullarini o‘zlashtirayotgan, innovatsion yondashuvlar asosida faoliyat yuritayotgan yoshlar safi kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, yosh agroblogerlarning faoliyati qishloq xo‘jaligidagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni targ‘ib qilish va sohada yoshlar ishtirokini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ikki nominatsiyada qo‘lga kiritilgan ushbu yutuq nafaqat g‘olib yoshlarning shaxsiy muvaffaqiyati, balki Namangan viloyati yoshlarining tashabbuskorligi, mehnatsevarligi va yaratuvchanlik salohiyatining ham yorqin ifodasidir.
G‘olib yoshlarimizni ushbu muvaffaqiyat bilan muborakbod etamiz! Kelgusida ham yangi marralar, ulkan zafarlar va qishloq xo‘jaligi sohasida yanada katta natijalarga erishishlarini tilaymiz!

