TILIMIZ — MILLATIMIZ G‘URURI!
2026-10-21 10:30:00 / Yangiliklar

Qadrli yurtdoshlar, aziz mingbuloqliklar!
Barchangizni 21-oktyabr — O‘zbek tili bayrami kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
O‘zbek tili — millatimizning bebaho ma’naviy merosi, xalqimizning o‘zligi, g‘ururi va iftixoridir. Buyuk ajdodlarimizdan bizga meros bo‘lib qolgan ona tilimiz asrlar davomida xalqimizning tarixi, madaniyati, qadriyatlari va ezgu orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etib kelmoqda.
Bugun o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini yuksaltirish, uni hayotimizning barcha jabhalarida keng qo‘llash, yosh avlod qalbida ona tiliga hurmat va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash har birimizning sharafli burchimizdir.
Zero, ona tiliga ehtirom — millatga ehtirom, tilga sadoqat esa Vatanga sadoqatdir.
Fursatdan foydalanib, ona tilimiz ravnaqi yo‘lida mehnat qilayotgan ustozlar, ziyolilar, ijodkorlar va barcha yurtdoshlarimizga minnatdorlik bildiraman.
Barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Ona tilimiz doimo ardoqda bo‘lsin, uning dovrug‘i dunyo uzra yanada keng taralsin!
21-oktyabr — O‘zbek tili bayrami muborak bo‘lsin!
