Sog‘liqni saqlash vaziri Mingbuloq tuman tibbiyot birlashmasida...
2026-03-01 10:55:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Xudayorov Asilbek Anvarovich Mingbuloq tumani tibbiyot birlashmasida bo‘lib, hududda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Jarayon davomida zamonaviy diagnostika va davolash uchun keltirilgan tibbiy jihozlarning ishlash holati ko‘zdan kechirildi. Mutaxassislar bilan muloqotda xizmat sifatini oshirish, mavjud uskunalardan samarali foydalanish hamda bemorlarga qulaylik yaratish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Shuningdek, Mingbuloq tumani tibbiyot birlashmasiga zamonaviy stasionar raqamli rentgen apparati yetkazib berilishi ma’lum qilindi. Mazkur uskuna kasalliklarni aniqlash aniqligini oshirib, tashxis qo‘yish jarayonini tezlashtiradi.
Tibbiyotni raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham ko‘zdan kechirildi. Xususan, elektron navbat tizimi, bemorlarning raqamli tibbiy kartalari, laboratoriya va diagnostika natijalarini yagona axborot tizimi orqali yuritish amaliyoti o‘rganildi. Bu orqali shaffoflik ta’minlanib, xizmat sifati yanada yaxshilanishi qayd etildi.
Shuningdek, tug‘ruqxona kompleksida onalar va chaqaloqlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishilib, bemorlar holidan xabar olindi hamda ularning murojaatlari tinglandi.
