Qishloq xo‘jaligiga bag‘ishlangan muhim yig‘ilish o‘tkazildi
2026-05-05 17:15:00 / Majlislar

Mingbuloq tumani Madaniyat markazida tuman hokimi Ahrorbek Mansurov boshchiligida qishloq xo‘jaligi sohasiga oid kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda sohada faoliyat yuritayotgan mutasaddilar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda hududdagi asosiy qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari — paxta, g‘alla va pillachilik sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, mavjud muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, paxta va g‘alla maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, hosildorlikni oshirish bugungi kunning eng ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, pillachilikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va daromad manbalarini kengaytirish borasida aniq topshiriqlar berildi.
Tuman hokimi tomonidan har bir fermer xo‘jaligi rahbariga mas’uliyat bilan yondashish, yerdan samarali foydalanish va belgilangan reja ko‘rsatkichlarini bajarish yuzasidan qat’iy vazifalar yuklatildi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga aniq topshiriqlar berilib, ijro intizomini kuchaytirish va sohadagi ishlarni tizimli tashkil etish zarurligi alohida qayd etildi.

