Mingbuloq tumanidagi madaniy-me’moriy yodgorliklar
2026-04-09 10:45:00 / Yangiliklar

«UNIVЕRSAL» - O‘TMISHDANYODGORLIK
GULBOG‘ qishlog‘iga eltuvchi magistral yo‘l qirg‘og‘idagi sobiq texnika-traktor parki ro‘parasiga qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish jarayonida muhim o‘rin tutgan texnikalardan biri, 1934 yildan 1940 yilgacha Leningrad shahridagi “Krasno‘y Putiloves”, keyinchalik “Vladimir” traktor zavodida ishlab chiqarilgan 22 ot kuchiga ega “Universal” traktori ko‘razma sifatida qo‘yilgan.
O‘z davri uchun zamonaviy va ko‘p vazifali texnika sifatida tanilgan traktor avval ishlab chiqarilgan Fordson-Putilovets traktorining o‘rnini bosish bilan birga, konstruksiya jihatidan Amerikadagi Farmall traktorlariga o‘xshash tarzda yaratilgan. 200 mingtadan ortiq ishlab chiqarilgan traktorning asosiy afzalligi ko‘p qirraliligida bo‘lib, nafaqat yer haydash, balki qator oralariga ishlov berish, kultivatsiya qilish va turli tirkama uskunalar bilan ishlash imkoniyatini bergan. Ayniqsa, paxtachilik va boshqa qatorlab ekiladigan ekinlar yetishtirishda katta ahamiyat kasb etgan. Tumanimizga ulardan 12 tasi keltirilgan edi.
1980 yili tumanimiz davlatga 65 ming tonna, jumladan, “Gulbog‘” sovxozi 16 ming tonna yuqori sifatli paxta sotib, rekord natijaga erishgan. Bunda tuman bo‘yicha mavjud 260 ta, “Gulbog‘”dagi 110 ta paxta terish mashinasining o‘rni katta bo‘lgan. Ulardan samarali foydalanish, ishni konveyer usulida tashkil etish evaziga 12 kun mobaynida kuniga yillik rejaning 8-12 foizi miqdorida faqat yuqori sortli paxta terilib, oktyabr oyining ikkinchi yarmida marra oshig‘i bilan zabt etilgan.
O‘sha davrda xo‘jalikni ko‘p yillar oqilona boshqargan Lutfulla Muhammadjonov hamda bosh muhandis Valeriy Idrisovlar tashabbusi bilan tayyorlangan 2 metrli maxsus baland moslamaga o‘rnatib qo‘¬yilgan “Universal” traktori qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirishning naqadar muhimligini eslatib turadi. Bu xalqimizdagi “Chorig‘ingni unutma” degan purhikmat iboraning amaldagi tasdig‘i bo‘lsa ne ajab.
