Bugun “Prokuratura organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish” konsepsiyasi doirasida Bosh prokuraturada navbatdagi ma’rifat tadbiri tashkil etildi
2025-04-04 17:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda Energetika vazirligi Moliyaviy iqtisodiy tahlil va narx siyosati bo‘limi boshlig‘i O.Ravshanova, vazirlik huzuridagi Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi bosh mutaxassisi I.Uzoqov va vazirlik huzuridagi ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi D.Yusupovlar “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va yoqilg‘i-energetika sohasida davlat tarif siyosati” mavzusida ma’ruza qilishdi.
Tadbirda so‘z olgan O.Ravshanova yoqilg‘i-energetika sohasida davlat tarif siyosati, elektr energiyasi va tabiiy gaz bozori strukturasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi faoliyati hamda tabiiy gaz va elektr energiyasi tannarxlari haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, I.Uzoqov o‘z nutqida vazirlik huzuridagi Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi faoliyati, elektron platforma orqali qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish tartibi, buning uchun Jamg‘arma tomonidan kompensatsiya mablag‘lari ajratish va bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlari xususida aytib o‘tdi.
Shu bilan birga, tadbir davomida D.Yusupov ham vazir huzuridagi ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Ishtirokchilar o‘zlariga qiziqarli bo‘lgan savollarga batafsil javob olishdi.