Germaniyadan munosabat: O‘zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyoni “yashil” iqtisodiy rivojlanish va “yashil” energiya markazlaridan biriga aylantirish tashabbusi tahsinga loyiq
2025-01-20 10:25:00 / Yangiliklar
Germaniyaning Hessen federal o'lkasi davlat kanselyariyasining Yevropa masalalari va xalqaro hamkorlik departamenti sobiq rahbari Mixael Borxmann "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 13-15-yanvar kunlari Birlashgan Arab Amirliklariga buyurgan rasmiy tashrifi yakunlari haqidagi fikrlarini bildirdi:
– 2008-yilda boshlangan "Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi" so'nggi bir necha yil ichida barqaror taraqqiyotni muhokama qilish uchun global platformaga aylandi. 2025-yil 14-yanvar kuni bo'lib o'tgan navbatdagi tadbirda 13 davlat va hukumat rahbarlari, shuningdek, 140 dan ortiq vazirlar va boshqa rasmiy shaxslar ishtirok etdi.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi" sammitidagi nutqida so'nggi yillarda taraqqiyot jarayonidagi iqlim o'zgarishi va ekologik masalalar xususida so'z yuritdi. Shuningdek, bu borada O'zbekiston olib borayotgan faol Barqaror rivojlanish maqsadlari siyosatiga to'liq mos keladigan aniq harakatlarga to'xtaldi. Shu tariqa, O'zbekiston Prezidenti energiya ta'minotini diversifikatsiya qilish va energiya balansida uglevodorodlar ulushini keskin qisqartirish bugungi kunda iqlim o'zgarishi oqibatlarini yumshatish, barqaror rivojlanish va global xavfsizlikni ta'minlashning asosiy omili ekanini qayd etdi.
Shu munosabat bilan mamlakatingiz yetakchisi Yangi O'zbekistonning strategik maqsadi ekologik barqarorlikni ta'minlash va iqtisodiyotni rivojlantirish resurslarini tejovchi "yashil" energiyalar modeliga o'tish jadal rivojlantirilayotganiga e'tibor qaratdi. Binobarin, shunga monand ravishda 2025-yil O'zbekistonda "Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili" deb e'lon qilingani ta'kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning barqaror rivojlanish sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoni "yashil" rivojlanish va toza energiya markazlaridan biriga aylantirish tashabbusi tahsinga sazovordir. Ishonchim komilki, O'zbekiston rahbarining ushbu maqsadlari yaqin kelajakda haqiqatga aylanadi.