Energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida qo‘shma korxona tashkil etilmoqda
2024-12-06 16:55:00 / Yangiliklar
Bugun yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida energetika sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini (QTEM) keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratilyapti. Albatta, olib borilayotgan chora-tadbirlar mamlakat aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz hamda barqaror elektr energiyasi bilan ishonchli ta’minlash, uni narx jihatidan ham maqbullashtirish, shuningdek, qazilma yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish maqsadlariga qaratilgan. Xalqaro ekspertlar fikriga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonda QTEMni joriy etish sohasida hattoki rivojlangan mamlakatlardan ham ilg‘or natijalarga erishmoqda.
Bundan tashqari, energetika sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish ham ustuvor vazifalardan biri bo‘lib, bu energetika tizimining samaradorligi va ishonchliligini ta’minlashga qaratilgan. Ushbu jarayonning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun O‘zbekiston xalqaro tajribani o‘rganib, uni samarali tatbiq etib kelyapti.
Bu borada yetakchi davlatlardan biri Xitoy hisoblanadi. Xitoy qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda raqamli texnologiyalarni joriy etishda jahon miqyosida katta yutuqlarga erishgan, uning tajribasi ko‘plab mamlakatlar uchun namunadir.
Xitoyning ushbu sohadagi yirik muhandislik markazlaridan biri “China Energy Power Planning and Engineering Institute” (EPPEI) bo‘lib, u Xitoy energetika tizimini rivojlantirish, QTEMni joriy etish va raqamlashtirish bo‘yicha davlat strategiyalarini ishlab chiqishda muhim rol o‘ynaydi. Shu bilan birga, EPPEI Malayziya, Braziliya, Filippin, Laos, Mo‘g‘uliston hamda boshqa mamlakatlarda ham samarali tajribaga ega.
Xalqaro ilg‘or tajribalarni O‘zbekistonda tatbiq etish maqsadida EPPEI va “O‘zenergoinjiniring” AJ o‘rtasida “Silk Road Energy Planning and Engineering” qo‘shma korxonasi tashkil etildi.
Poytaxtimizda ushbu qo‘shma korxona faoliyatini boshlashi munosabati bilan taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik hamda idoralar vakillari, xalqaro va mahalliy hamkorlar qatnashdi.
Mazkur korxona O‘zbekiston hukumati uchun jahon standartlariga mos energetika rivojlanish strategiyasi hamda rejalarini ishlab chiqishda yordam ko‘rsatadi. Bunda qayta tiklanuvchi energiya manbalari (quyosh va shamol) energiya saqlash qurilmalari, an’anaviy energiya manbalari (issiqlik, gidro) quvvatlari hamda turlarini aholi va iqtisodiyot ehtiyojlari, elektr tarmoqlari imkoniyatlari hamda tabiiy va boshqa resurslarni hisobga olgan holda, xalqaro amaliyot hamda mahalliy sharoitlardan kelib chiqib aniqlashga ko‘maklashadi. Shuningdek, qo‘shma korxona elektr tarmoqlarini raqamlashtirish jarayonida ham faol ishtirok etishni maqsad qilgan.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgib berilgan ustuvor vazifalardan biri, bu – mahalliy ishlab chiqarish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega xizmatlar darajasini oshirishdan iborat. “Silk Road Energy Planning and Engineering” qo‘shma korxonasi bu yo‘nalishda mahalliy mutaxassislarning malakasini xalqaro darajaga ko‘tarish, ularning investitsiya loyihalaridagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.