Energiya resurslaridan oqilona foydalanish – umumiy mas’uliyat
2025-11-14 21:45:00 / Yangiliklar

Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika shtabining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Bosh prokuror o‘rinbosari S.Samadov va Energetika vaziri o‘rinbosari U.Mamadaminov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Ichki ishlar vazirligi, Soliq qo‘mitasi, “O‘zenergoinspeksiya”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgazta’minot” tashkilotlari rahbarlari hamda hududiy shtablar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda sohadagi dolzarb vazifalar bilan bir qatorda, yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanishda tejamkorlikni kuchaytirish, mavjud imkoniyatlarni samarali ishga solish, energiyani isrof qilmaslik bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Alohida e’tibor debitor qarzdorliklarni qisqartirish, talon-toroj holatlarining oldini olish, shuningdek, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishga qarshi qat’iy nazorat o‘rnatishga qaratildi.
Mas’ullarga qish mavsumini betalofat o‘tkazish, aholiga barqaror energiya ta’minoti yaratish va energiya tejamkorligini targ‘ib qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.



