Sian shahrida Uchinchi O‘zbekiston-Xitoy hududlararo forumi yuqori saviyada o‘tkazilmoqda
2026-05-22 11:00:00 / Yangiliklar

2026-yil 21-22 may kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahrida, Sian xalqaro konferensiya markazida Uchinchi O‘zbekiston–Xitoy hududlararo forumi yuqori saviyada tashkil etilmoqda. Mazkur forum XXRning Shensi provinsiyasi xalq hukumati, Xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik bo‘yicha Butunxitoy xalq assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamkorligida tashkil qilinmoqda.
“Yuqori sifatli rivojlanish orqali umumiy modernizatsiya” mavzusi ostida o‘tgan forumda ikki mamlakatning vazirlik va idoralari, hududiy hokimliklar, ilmiy doiralar, biznes uyushmalari, yetakchi kompaniyalar vakillari hamda tadbirkorlardan iborat 2 000 nafarga yaqin ishtirokchilar qatnashmoqda. Shuningdek, tadbirda Xitoyning 20 ga yaqin provinsiyalari hukumati rahbariyati ishtirok etmoqda.
Forumning asosiy maqsadi O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish, iqtisodiy va biznes munosabatlarni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ilmiy-texnikaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat bo‘ldi.
Forumning ochilish marosimi 2026 yil 21 may kuni Xitoyning O‘ninchi xalqaro Ipak yo‘li ko‘rgazmasi ochilish marosimi bilan uyg‘unlashtirilgan holda tashkil etildi. Tantanali marosimda 700 nafardan ortiq ikki davlat hukumat va hududiy rahbarlari, vazirlik va idoralar vakillari hamda ishbilarmon doiralar ishtirok etdi.
Ochilish marosimida qator yuqori darajadagi rasmiylar nutq so‘zladi. Jumladan, tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shuningdek, Shensi provinsiyasi Xalq vakillari majlisi Doimiy qo‘mitasi raisi, provinsiya partiya qo‘mitasi kotibi Chjao Ide, Xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik bo‘yicha Xitoy xalq jamiyati raisi Yan Vanmin, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev, “Xitoy – Markaziy Osiyo” mexanizmi Bosh kotibi Sun Veydun, Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Szyansu provinsiyasi Xalq vakillari majlisi Doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Fan Szinlun, Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev hamda Yunnan provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Chjao Szyunmin forum ishtirokchilariga murojaat qildi.
Nutqlarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining izchil rivojlanayotgani, hududlararo hamkorlikning yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini shakllantirishdagi ahamiyati, investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda ikki mamlakat hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yana-da kengaytirish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Ma’lumot uchun: oxirgi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobarga oshib, o‘tgan yil yakuni bilan salkam 18 milliard dollarni tashkil etdi, shu bilan birga, Xitoydan O‘zbekistonga jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 5 barobarga ko‘payib, 2025-yilda 17 milliard dollarga yetdi. Bugungi kunda mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida 5 400 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lib, xitoylik sheriklar bilan energetika, kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi hamda infratuzilma sohalarida qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda.
Forum doirasida Sian xalqaro ko‘rgazmalar markazida 21-25 may kunlari umumiy maydoni 2 000 kv.m bo‘lgan “O‘zbekiston milliy pavilioni” tashkil etildi. Pavilionda milliy mahsulotlar, hududlarning eksport va investitsiya salohiyati, turizm, madaniyat
va hunarmandchilik imkoniyatlari hamda taʼlim sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlar namoyish etilmoqda. Milliy pavilyon xorijiy investorlar va biznes vakillarining katta qiziqishiga sabab bo‘lmoqda. Ko‘rgazmaga 10 mingdan ortiq qatnashchilarni tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan.
Forumning ikkinchi yarmida bir qator sohaviy panel sessiyalar, jumladan, iqtisodiy, savdo va investitsiyaviy hamkorlik, ilmiy-texnik innovatsiyalar va “yashil” taraqqiyot sohasidagi hamkorlik, zamonaviy qishloq xo‘jaligi hamda turizm sohalaridagi hamkorlik, shuningdek, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik forumlari tashkil etildi.
Ushbu sessiyalarda yashil iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, savdoni yengillashtirish, innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, turizm va tadbirkorlik sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, qator investitsiya va kooperatsiya loyihalari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Forum yakunlari O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida hududlararo hamkorlikni yana-da mustahkamlash, iqtisodiy munosabatlarni chuqurlashtirish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.






