MARHAMAT TUMANIDA QISHLOQ XO‘JALIGI MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
2026-10-23 10:50:00 / Yangiliklar

Marhamat tumani hokimi I.Umrzaqov, tuman prokurori U.Azimov hamda tuman IIB boshlig‘i R.Jalolidinov ishtirokida qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi sohasida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, paxta yig‘im-terimi mavsumini yakunlash, g‘alla ekish ishlarini jadallashtirish va belgilangan muddatlarda yakunlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi. Fermer xo‘jaliklari rahbarlariga dala ishlarini sifatli tashkil etish, agrotexnik tadbirlarga qat’iy rioya qilish hamda ekin maydonlaridan samarali foydalanish vazifalari yuklatildi.
Shuningdek, PQ-322-sonli qaror ijrosi doirasida fermer xo‘jaliklariga qarashli dala chetlarida molxonalar tashkil etish, qoramol boqishni ko‘paytirish, chorvachilik yo‘nalishini rivojlantirish hamda qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, mas’ul tashkilotlar va fermer xo‘jaliklari rahbarlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish hamda ishlarni tizimli tashkil etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
