Marhamat tumanida mahalla yoshlar yetakchilarining 3-chorak yakunlari sarhisob qilindi
2026-10-09 18:10:00 / Yangiliklar

Marhamat tumanida mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, yoshlar yetakchilari faoliyati samaradorligini oshirish, erishilgan natijalarni tanqidiy-tahliliy ruhda sarhisob qilish hamda mavjud muammolarga yechim topish maqsadida tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Shu munosabat bilan tumanning 1-sektor hududida faoliyat yuritayotgan mahalla yoshlar yetakchilarining 2026-yil 3-chorak yakunlari bo‘yicha hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Ilyosbek Umrzaqov boshchiligida mas'ul rahbarlar, mahalla yoshlar yetakchilari hamda mahallalardagi ishsiz yoshlarga biriktirilgan tashkilot va idora rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida mahallalarda yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimi asosida amalga oshirilgan ishlar har tomonlama tahlil qilinib, erishilgan natijalar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan batafsil fikr almashildi.
Xususan, "Yoshlar daftari" orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga ko‘rsatilgan amaliy yordamlar, ularga subsidiyalar va imtiyozli kreditlar ajratish jarayonlari, yoshlarning bandligini ta'minlash hamda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Shuningdek, "Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida tashkil etilgan sport musobaqalari, madaniy-ma'rifiy va intellektual tadbirlarning qamrovi, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha olib borilgan ishlar ham tahlil etildi.
Yig‘ilishda alohida e'tibor "qizil" toifadagi, ya'ni og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan yoshlar bilan individual ishlash, ularning muammolarini o‘rganish, ijtimoiy reabilitatsiya qilish va hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish masalalariga qaratildi. Bundan tashqari, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi.
Yakuniy muhokamalarda har bir mahalla yoshlar yetakchisining faoliyati aniq mezonlar asosida baholanib, yuqori natijalarga erishgan, tashabbuskor va fidoyi yoshlar yetakchilarini rag‘batlantirish, faoliyatida sustkashlik va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan yetakchilar yuzasidan tegishli choralar ko‘rish hamda ularga aniq vazifalar yuklash bo‘yicha mas'ullarga topshiriqlar berildi.
