TINIMSIZ MEHNAT VA FIDOKORLIK MUNOSIB TAQDIRLANDI!
2026-10-13 18:15:00 / Yangiliklar

Marhamat tumani dalalarida paxta yig‘im-terimi qizg‘in pallaga kirib, mirishkor dehqonlar va mexanizatorlarning mashaqqatli mehnati evaziga dalalarda oq oltin xirmoni bunyod etilmoqda. Mo‘l hosilni nes-nobud qilmay, o‘z vaqtida yig‘ib-terib olishda tun-u kun mehnat qilayotgan paxta terish kombaynlari operatorlarining hissasi alohida ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, hosilni qisqa muddatlarda yig‘ib olish, belgilangan vazifalarni sidqidildan bajarish va dalalarda ish sur’atini yuqori darajada saqlash yo‘lida fidoyilik ko‘rsatayotgan mexanizatorlar mehnati e’tirofga loyiq.
Marhamat tumani hokimi Ilyosbek Umrzaqov paxta yig‘im-terimi jarayonida tun-u kun tinimsiz mehnat qilib, o‘z vazifasini vijdonan va mas’uliyat bilan ado etayotgan ikki nafar kombaynchi bilan uchrashib, ularning zahmatli mehnatini munosib rag‘batlantirdi.
Jumladan, hosilni yig‘ib olish ishlarida alohida jonbozlik ko‘rsatgan har ikki kombaynga 10 million so‘mdan pul mukofoti hamda oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.
Ushbu e’tibor va rag‘bat mexanizatorlarning mashaqqatli mehnatiga bildirilgan yuksak hurmat, ularning fidoyiligiga berilgan munosib bahodir. Bunday rag‘batlantirishlar paxta yig‘im-terimi ishtirokchilarini yanada ruhlantirib, hosilni qisqa muddatlarda va sifatli yig‘ib olishga bo‘lgan intilishni kuchaytiradi.
Zero, mo‘l hosil ortida zahmatli mehnat, sabr-toqat va fidoyilik mujassam. Dalalarda mehnat qilayotgan har bir insonning hissasi qadrlanadigan yurtda mehnatning qadri, insonning obro‘si hamisha yuksak bo‘ladi.
Marhamat tumani dalalarida oq oltin xirmoni yanada yuksalsin, zahmatkash dehqon va mexanizatorlarimizning mehnati doimo e’tirof va e’zozda bo‘lsin!
