Xalqaro hamkorlik aloqalari
2026-09-25 17:30:00 / Yangiliklar

🇺🇿🇧🇾 MARHAMAT TUMANIDA YANGI ISTIQBOLLI LOYIHA ISHGA TUSHDI
O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasidagi do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlik izchil rivojlanib, bugun yangi mazmun va amaliy loyihalar bilan boyib bormoqda.
Xususan, Andijon viloyatining Belarus Respublikasi bilan hamkorligi doirasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, chorvachilik va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, fuqarolar uchun munosib mehnat imkoniyatlarini yaratish borasida qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ana shunday hamkorlikning navbatdagi amaliy natijasi sifatida Marhamat tumanida Belarus Respublikasining mashhur “MARK FORMELLE” trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonasi o‘z faoliyatini boshladi.
Mazkur loyihaning umumiy qiymati 4 million AQSh dollarini tashkil etib, korxonada 200 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa, avvalo, Marhamat tumanidagi aholini zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etish, ularning doimiy va munosib daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash, hududda yengil sanoatni rivojlantirish uchun muhim qadamdir.
Bugun korxonaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Belarus Respublikasi Minsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksey Kushnarenko, Marhamat tumani hokimi Ilyosbek Umrzaqov, Belarus Respublikasi delegatsiyasi a’zolari, mahalliy mutasaddilar hamda tuman faollari ishtirok etdilar.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mazkur loyiha ikki hudud o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni amaliy mazmun bilan to‘ldirish barobarida, ilg‘or ishlab chiqarish tajribalarini Marhamat tumaniga olib kirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va mahalliy mehnat resurslaridan samarali foydalanish imkonini beradi.
Shuningdek, korxonaning ishga tushirilishi kelgusida ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, mahalliy xomashyo va xizmatlardan foydalanish orqali hudud iqtisodiy faolligini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
