2026-yilning 2-choragida qonunchilik hujjatlari, hududni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar va loyihalarning bajarilishida ijro intizomiga rioya etilishi holati, tuman hokimligiga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar va ularning ij
2026-07-28 10:30:00 / HISOBOTLAR
2026-yilning 2-choragida qonunchilik hujjatlari, hududni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar va loyihalarning bajarilishida ijro intizomiga rioya etilishi holati, tuman hokimligiga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar va ularning ijrosi to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan davlat organlari faoliyatining ochiqligi, qonunchilik hujjatlari ijrosini so‘zsiz ta’minlash, ijro intizomini mustahkamlash hamda aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi PF–6166-son Farmoni hamda 2021-yil 31-maydagi PQ–5132-son Qaroriga muvofiq, davlat organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyati yanada kuchaytirilib, har bir qabul qilingan hujjatning ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan.
Shuningdek, 2025-yilning 16-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev raisligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, parlament yuqori palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari oldida turgan birinchi darajali vazifalar yuzasidan 2025-yil 25-iyunda Oliy Majlis Senatining SQ-139-V-sonli Qarori qabul qilindi.
Mazkur Qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasida mahalliy Kengash sessiyalarida qonunchilik hujjatlari, hududni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar va loyihalarning bajarilishida ijro intizomiga rioya etilishi holati yuzasidan axborotlar eshitilishini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Marhamat tumanida 2026-yil 6 oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 391 ta murojaat kelib tushgan. Shundan jismoniy shaxslardan 373 ta, yuridik shaxslardan 18 ta murojaat qabul qilingan.
Murojaatlarning 133 tasi yozma, 5 tasi elektron, 253 tasi og‘zaki tartibda kelib tushgan. Shuningdek, 84 ta murojaat shaxsiy qabullarda, 139 tasi sayyor qabullarda hamda 30 tasi mas’ul xodimlar qabullari davomida qabul qilingan.
Kelib tushgan murojaatlarning 391 tasi hokimlik apparati tomonidan ko‘rib chiqilgan, 24 ta murojaat esa ayni paytda belgilangan tartibda o‘rganishda.
Hisobot davrida aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlash maqsadida tuman hokimi tomonidan 24 ta mahallada sayyor qabullar o‘tkazilgan. Ushbu qabullarda fuqarolarning ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy masalalari joyiga chiqqan holda o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha aniq choralar belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi orqali tuman hokimligiga 133 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 132 tasi ijobiy hal etilgan va 1 tasi ko‘rib chiqishda.
Shuningdek, Prezidentning Virtual qabulxonasi orqali 384 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 313 tasi qanoatlantirildi, 16 tasiga tushuntirish berilgan, 1 tasi rad etilgan, 54 tasi ko‘rib chiqishda. Bu yo‘nalishda 25 ta murojaat ijrosida muddat buzilishiga yo‘l qo‘yilgan. Murojaatlar o‘z vaqtida ko‘rib chiqmaganligi uchun 2 nafar xodimlarga intizomiy chora ko‘rilgan.
Axborotda ijro intizomini tashkil etishda yangi qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-iyuldagi PF-117-son Farmoni ijrosini tashkil etish yuzasidan birinchi darajadagi barcha rahbarlarga ijro intizomini mustahkamlashda shaxsan javobgar ekanligi, qonunchilik hujjatlarini bajarilishida “kunbay” tanqidiy tahlil qilib, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, ularning sabablarini aniqlab, bartaraf etish choralarini ko‘rish ishlari amalga oshirilib kelinayotganligi qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, Qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari ijrosi bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilgan.
Hisobot davrida tuman hokimligiga edo.ijro.uz tizimi orqali jami 1635 ta hujjat kirim qilingan. Shundan 996 ta hujjatning ijrosi ta’minlanan. 639 ta topshiriq jarayonda.
2026-yilning 1-yarim yilligida tuman hokimligi apparati va tegishli tashkilot rahbarlari ishtirokida ijro intizomining holati yuzasidan xaftaning dushanba kuni hokimlik soatida muhokamalar o‘tkazib kelingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish, mas’uliyatsizlik bilan o‘zining to‘g‘ridan-to‘g‘ri funksional vazifalarini bajarishga yuzaki munosabatda bo‘lishning har qanday holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, mas’ul shaxslarning shaxsiy javobgarligini belgilash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi
Qonunining 6-, 24-moddalariga muvofiq xalq deputatlari Marhamat tumani Kengashi
QAROR QILADI:
- Marhamat tumani hokimi birinchi o‘rinbosari Sh.Abdurazzaqovning 2026-yil ikkinchi choragida qonunchilik hujjatlari, hududni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar va loyihalarning bajarilishida ijro intizomiga rioya etilishi holati, tuman hokimligiga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar va ularning ijrosi to‘g‘risidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin hamda amalga oshirilgan ishlar qoniqarli deb topilsin.
- Tuman hokimining tarmoqlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, tuman hokimligi ijro intizomi nazorati bosh mutaxassisi va hokimlikning barcha bo‘linmalari qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini sifatli va samarali tashkil etishga mas’ul ekanligi qayd etib o‘tilsin.
- Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Abdurazzaqov, tuman hokimligi ijro intizomi nazorati bo‘limi (X.Tojiddinov), tuman hokimligi umumiy bo‘limi (M.Raximov):
- “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali kelib tushgan har bir qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini samarali va rejali tashkil qilish maqsadida hujjat kelib tushgan vaqtdan 3 kun muddatda tegishli kotibiyatlar va hokimlik bo‘linmalari tomonidan hujjat “Nazorat rejasi” mas’ul ijrochilarga tanishtirilib, tasdiqlangan holda ijroga qaratilishini tashkil etsinlar;
- qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini samarali va rejali tashkil qilish, ularning bajarilish holatini joylarda maqsadli o‘rganish va aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tezkor choralar ko‘rib borsinlar;
- har hafta dushanba kunlari tuman hokimi, juma kunlari tuman hokimining birinchi o‘rinbosari tomonidan o‘tkaziladigan muhokamalarga tanqidiy, qiyosiy ma’lumotlar kiritib borsinlar;
- topshiriqlar ijrosi yuzasidan tizimga kiritiladigan ma’lumotlarning to‘g‘riligi, haqqoniyligi va sifatiga jiddiy e’tibor qaratsinlar;
- topshiriqlarning ijro muddatiga qarab, mas’ul ijrochilarni har kuni, har hafta, har oyda, har chorakda va har yarim yilda bir marta xabardor qilib turish tizimini yo‘lga qo‘ysinlar;
- topshiriqlarning ijro muddati o‘tib ketmasligi, muddatidan kech bajarilishining oldini olish maqsadida tizimga mavjud tasdiqlovchi hujjatlarni ijrochilar tomonidan kamida 5-10 kun oldin biriktirish amaliyotini yo‘lga qo‘ysinlar va nazorat qilsinlar;
- qayta ishlashga yuborilgan topshiriqlar to‘g‘risida mas’ul ijrochini zudlikda ogohlantirib borsinlar;
- hokimlik mutaxassislari va yangi ishga kelgan xodimlar uchun muntazam tizimda ishlash, ishlarni tashkil etish tartibi bo‘yicha tushunchalar berib borishni tashkil etsinlar.
- Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Abdurazzaqovga:
- har oy yakuni bilan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarining ijro holati axboroti, shuningdek, topshiriqlarni to‘liq bajarmagan, kechiktirib bajargan yoki umuman ijrosini ta’minlamagan mas’ul xodimlarga nisbatan belgilangan tartibda intizomiy javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan takliflarni kiritish;
- murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun mas’ul bo‘lgan xodimlarning mas’uliyatini oshirish, bunda murojaatda ko‘tarilgan masalalarni ariza muallifi bilan joyida uchrashgan holda ko‘rib chiqish hamda amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq hal etish;
- murojaatlarni joyida uzil-kesil hal etishda hamda murojaatlarning ko‘rib chiqilishida loqaydlik qilib, takroriy murojaatlarning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rib borish vazifalari yuklatilsin.
- Quyidagilarga:
- tuman hokimining tarmoqlar bo‘yicha o‘rinbosarlariga – qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar mas’ul ijrochilar tomonidan to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan ishlarning tashkil qilinishi uchun;
- ijro intizomi nazorati bo‘linmasiga – qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar o‘z vaqtida bajarilishining nazorati olib borilishi, “Ijro.gov.uz” tizimi samarali yuritilishi hamda manzilli va tematik tahlillarning sifatli tashkil etilishi hamda ijro holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Ijro.gov.uz” tizimi orqali to‘liq, to‘g‘ri va o‘z vaqtida taqdim qilinishi uchun;
- tashkiliy-kadrlar guruhiga – qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini to‘g‘ri tashkil etmagan mas’ul ijrochilarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo choralarini qo‘llashi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
- Yuqorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan tuman hokimligi har chorakda xalq deputatlari tuman Kengashiga yozma axborot kiritib borsin.
- Mazkur qarorning ijrosi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Abdurazzaqovga, nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Korrupsiyaga qarshi kurashish, huquq va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiya (Z.Roziqov) zimmalariga yuklansin.
- Ushbu qaror qabul qilingan kundan kuchga kiradi.
