Respublika ishchi guruhi a'zolari Marhamat tumanida dual ta'lim tizimi bilan tanishdi
2026-07-25 17:50:00 / Yangiliklar

Marhamat tumanida yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga yoʻnaltirish, ularning bandligini taʼminlash hamda taʼlim jarayonini amaliyot bilan uygʻunlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar Respublika ishchi guruhi aʼzolari tomonidan oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida ishchi guruh aʼzolari "Rayyona Textil" korxonasida yoʻlga qoʻyilgan dual taʼlim tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur tizim orqali Marhamat tumanidagi 1-son texnikumi oʻquvchilari nazariy bilimlarni amaliyot bilan mustahkamlab, ishlab chiqarish jarayonlarida bevosita ishtirok etmoqda. Bu esa ularga oʻqish bilan bir qatorda kasbiy tajriba orttirish, mehnat ko‘nikmalarini shakllantirish va kelgusida malakali mutaxassis boʻlib yetishish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Korxonada amaliyot oʻtayotgan oʻquvchilar bajarilayotgan ish hajmiga qarab oyiga 3 million soʻmdan 7 million soʻmgacha daromad topib, oʻz oilalari byudjetiga ham munosib hissa qoʻshmoqda. Bu esa dual taʼlim tizimining nafaqat malakali kadrlar tayyorlash, balki yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish va ularning mustaqil hayotga tayyorlanishida ham muhim oʻrin tutayotganini koʻrsatadi.
Respublika ishchi guruhi aʼzolari korxonada yaratilgan mehnat sharoitlari, oʻquvchilarga berilayotgan amaliy bilim va koʻnikmalar, ishlab chiqarish jarayonlarining tashkil etilishi hamda taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasining samarali yoʻlga qoʻyilganini alohida eʼtirof etdilar.
Taʼkidlanganidek, bunday hamkorlik yoshlarning bandligini taʼminlash, ularni mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis sifatida tayyorlash va hududning iqtisodiy rivojlanishiga munosib hissa qoʻshishda muhim ahamiyat kasb etadi.
