FUQAROLAR MUROJAATLARI E'TIBOR MARKAZIDA
2026-07-04 09:25:00 / Yangiliklar

Marhamat tumani hokimi Ilyosbek Umrzaqov tomonidan navbatdagi fuqarolar qabuli o‘tkazildi.
Qabul davomida fuqarolarning murojaatlari, taklif va tashabbuslari atroflicha ko‘rib chiqildi. Aholini qiynab kelayotgan ijtimoiy, kommunal, bandlik, tadbirkorlik, yer, uy-joy, infratuzilma hamda boshqa yo‘nalishlardagi masalalar yuzasidan murojaatlar tinglanib, har bir masala alohida o‘rganildi.
Qabul jarayonida murojaatlarning qonuniy va adolatli hal etilishini ta’minlash maqsadida tegishli soha rahbarlari hamda mas’ul mutasaddilar ishtirok etdi. Ayrim masalalar joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan murojaatlar yuzasidan aniq muddatlar belgilanib, mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ta’kidlanganidek, fuqarolar bilan ochiq va samimiy muloqot qilish, ularning dard-u tashvishlarini tinglash, muammolariga amaliy yechim topish hamda aholi manfaatlarini ta’minlash davlat organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Marhamat tumanida fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mavjud muammolarni tizimli bartaraf etish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Navbatdagi qabul ham aholini o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish, xalq bilan ochiq muloqotni mustahkamlash va hududni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
