OILA ILMI MAKTABINING NAVBATDAGI MASHG‘ULOTI O‘TKAZILDI
2026-06-18 18:25:00 / Yangiliklar

OILA ILMI MAKTABINING NAVBATDAGI MASHG‘ULOTI O‘TKAZILDI
Payshanba — Yoshlar kuni munosabati bilan Marhamat tumani hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i X.Mamarizayeva boshchiligida tumandagi yosh nikohlanuvchi fuqarolar uchun “Oila ilmi maktabi”ning navbatdagi mashg‘uloti tashkil etildi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni oilaviy hayotga har tomonlama tayyorlash, yosh oilalarda sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni shakllantirish, oilalarning mustahkamligini ta’minlash hamda er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish borasida zarur bilim va ko‘nikmalar berishdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulot davomida ishtirokchilarga oilaning jamiyatdagi o‘rni, oila a’zolari o‘rtasidagi mas’uliyat va majburiyatlar, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik tamoyillari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Tuman tibbiyot birlashmasi shifokori A. Saidakbarov sog‘lom oilani shakllantirishda yoshlarning tibbiy savodxonligini oshirishning ahamiyati, nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi zarurligi, reproduktiv salomatlik, bexatar onalik hamda oilani to‘g‘ri rejalashtirish masalalari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berib, amaliy tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, tadbirda yangi tashkil etilayotgan oilalarning ijtimoiy farovonligini ta’minlash, farzand tarbiyasida ota-onaning mas’uliyati, milliy va ma’naviy qadriyatlarning oiladagi o‘rni, oilaning ijtimoiy-diniy jihatlari haqida M.Ahmedov tomonidan qiziqarli va mazmunli ma’ruzalar qilindi. Yoshlarning oilaviy hayotga qay darajada tayyor ekanligini aniqlash maqsadida psihologik va mantiqiy test sinovlari ham tashkil etildi. Sinovlar orqali ishtirokchilarning oilaviy munosabatlarga oid bilimlari va hayotiy qarashlari o‘rganildi.
Tadbir yakunida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan batafsil javoblar oldilar. Ochiq muloqot va samimiy suhbatlar ruhida o‘tgan mashg‘ulot ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, ularning oilaviy hayotga oid bilim va tasavvurlarini yanada boyitishga xizmat qildi
