PREZIDENT TOPSHIRIGʻI AMALDA
2026-05-15 16:30:00 / Yangiliklar

PREZIDENT TOPSHIRIGʻI AMALDA
Joriy yilning 24 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi chorak yakunlari hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bank tizimi xodimlarini sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha o‘qitishni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilab berilgan edi.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon viloyati hokimligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Markaziy bank hamkorligida joriy yilning 13–14 may kunlari Markaziy bankning Andijon viloyati boshqarmasida tijorat banklarining 16 ta shahar va tumanlaridagi 75 nafar rahbar va o‘rinbosarlari uchun sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
O‘quv kurslari Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan olib borilib, ishtirokchilarga bank sohasida sun’iy intellektning zamonaviy imkoniyatlari, ma’lumotlarni tahlil qilish, qaror qabul qilish jarayonlarini optimallashtirish hamda xizmatlar sifatini oshirishda uni qo‘llash bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalar berildi.
Ikki kun davom etgan mazkur malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Ushbu tashabbus bank tizimida raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, xizmatlar samaradorligini oshirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etishga xizmat qiladi.
