Tadbirkorga hamma madadkor
2026-04-28 17:40:00 / Yangiliklar

Marhamat tumani Markaziy mahallasida tadbirkor Guldiyor Rahimova tomonidan hududdagi adirlik yerlardan samarali foydalanish, ularni zamonaviy ekoturizm maskaniga aylantirish hamda issiqxona xo‘jaliklarini kengaytirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu tashabbuslar nafaqat hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, balki mahalla aholisining bandligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.Ayni paytda mazkur adirlik hududida 50 sotix maydonda barpo etilgan zamonaviy issiqxonada yuqori hosildorlikka ega bo‘lgan bulg‘or qalampiri yetishtirilmoqda. Shu bilan birga, hududda manzarali daraxt va buta ko‘chatlari parvarishlanib, uzum bog‘lari tashkil etilmoqda. Bu esa nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish, balki hududning ekologik va estetik ko‘rinishini yaxshilashga xizmat qilmoqda.Mazkur loyihalar bilan yaqindan tanishish maqsadida Marhamat tumani hokimi Ilyosbek Umrzaqov hamda tuman hokimi o‘rinbosarlari tadbirkor bilan uchrashib, amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud imkoniyatlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan atroflicha suhbat olib bordilar. Uchrashuv davomida tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda eksport salohiyatini mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan masalalar muhokama qilindi.Tadbirkor Guldiyor Rahimova o‘z navbatida issiqxona va bog‘ hududiga olib boruvchi yo‘llarning tuman hokimi tashabbusi bilan asfaltlashtirilgani tufayli logistika imkoniyatlari sezilarli darajada yaxshilangani, bu esa mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berishda katta qulaylik yaratganini alohida ta’kidladi hamda bildirilgan e’tibor va yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik izhor etdi.Hududda amalga oshirilayotgan bunday tashabbuslar kelgusida ekoturizmni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
