Payshanba- yoshlar kuni
2026-04-23 10:30:00 / Yangiliklar

“Yoshlar kuni” munosabati bilan Marhamat tumani prokurori U.Azimov tomonidan tumandagi 2-son texnikumda uyushmagan yoshlar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Mazkur uchrashuv yoshlar bilan bevosita muloqot o‘rnatish, ularning muammo va takliflarini tinglash hamda dolzarb masalalarga yechim topishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbir davomida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish, bandlikni ta’minlash va kasb-hunar egallashga yo‘naltirish masalalari keng muhokama qilindi. Prokuror o‘z so‘zida yoshlarni qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularni turli salbiy ta’sirlardan himoya qilish hamda hayotda munosib o‘rin egallashlariga ko‘maklashish zarurligini alohida ta’kidladi.
Muloqot jarayonida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni ochiq bildirib, mavjud muammolar yuzasidan fikr almashdilar. Ularning murojaatlari tegishli tashkilotlar vakillari tomonidan atroflicha ko‘rib chiqilib, har bir savolga aniq va tushunarli javoblar berildi. Ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash, zamonaviy kasblarni o‘rganish hamda bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish borasidagi tavsiyalar katta qiziqish uyg‘otdi.
Shu bilan birga, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va turli huquqbuzarliklarning oldini olish, internetdan oqilona foydalanish, zararli odatlardan uzoq bo‘lish yuzasidan ham targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borildi.
