Payshanba-Yoshlar kuni
2026-04-23 10:30:00 / Yangiliklar

Marhamat tumanida “Yoshlar kuni” munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar yuksak saviyada, keng qamrovda tashkil etilmoqda. Ushbu sana doirasida yoshlar bilan ochiq muloqotlar, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar hamda tarbiyaviy ahamiyatga ega tadbirlar izchil davom etmoqda.
Ana shunday mazmunli uchrashuvlardan biri Marhamat tuman IIB boshlig‘i R.Z. Jaloldinov tomonidan tumandagi 22-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida tashkil etildi. Mazkur ta’lim maskani Muhammad Yusuf tavallud topgan Qovunchi mahallasida joylashgani bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv davomida o‘quvchi-yoshlar bilan samimiy suhbat o‘tkazilib, shoir Muhammad Yusufning hayoti, ijod yo‘li va boy adabiy merosi haqida atroflicha fikrlar bildirildi. Shoirning Vatanga muhabbat, ona yurtga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida bitilgan she’rlari yoshlar qalbida yurtparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda muhim o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda yoshlarni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, ularni turli yot g‘oyalardan asrash, kitobxonlikka keng jalb etish hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ularga batafsil va tushunarli javoblar oldilar.
