Mustahkam oila sari muhim qadam
2026-04-10 14:30:00 / Yangiliklar

Mustahkam oila sari muhim qadam
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tashabbusi bilan har juma kuni “Oila kuni” sifatida keng nishonlanib, jamiyatimizda oila institutini mustahkamlash, yoshlarni sog‘lom va barqaror turmushga tayyorlash, ajrimlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur ezgu tashabbus doirasida bugun Marhamat tumani hokimi Ilyosbek Umrzaqov tomonidan oilaviy kelishmovchiliklar sabab ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazildi. Uchrashuvda har bir oilaning muammolari alohida o‘rganilib, ularning kelib chiqish sabablari chuqur tahlil qilindi.
Suhbat davomida oila muqaddas qo‘rg‘on ekani, farzandlar tarbiyasida ota-onaning mas’uliyati beqiyos ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Shuningdek, tomonlarga o‘zaro hurmat, sabr-toqat va kechirimlilik orqali har qanday muammoni ijobiy hal etish mumkinligi tushuntirildi.
Mutasaddi tashkilotlar, mahalla faollari hamda mutaxassislar ishtirokida oilalarni yarashtirish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusida bunday holatlarning oldini olish yuzasidan aniq choralar belgilab olindi.
Eng quvonarlisi, o‘tkazilgan muloqot va tushuntirish ishlari natijasida bir qator oilalarda yarashuvga erishilib, ularning totuv hayot sari yana bir muhim qadam tashlashiga zamin yaratildi.
