PILLA — DAROMAD VA FAROVONLIK MANBAI
2026-04-13 18:05:00 / Yangiliklar

Marhamat tumanida an’anaviy pilla yetishtirish mavsumi ko‘tarinki ruhda boshlandi. Ushbu muhim agroiqtisodiy jarayonning ochilishida tuman hokimi Ilyosbek Umrzaqov ham ishtirok etib, pillachilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud imkoniyatlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr bildirdi.
Ta’kidlanganidek, pillachilik nafaqat qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan biri, balki aholi bandligini ta’minlash, xonadonlar daromadini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, mahallalarda xotin-qizlar va yoshlarni vaqtincha ish bilan ta’minlash orqali ularning daromad manbaini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda tumanda pilla yetishtirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Pillachilarga sifatli ipak qurti urug‘lari yetkazib berilib, parvarish jarayonlari mutaxassislar nazoratida tashkil etilmoqda. Shu bilan birga, oziqa bazasini mustahkamlash maqsadida tutzorlar holatini yaxshilash, mavjud daraxtlarni parvarishlash va yangi tut ko‘chatlarini ekish ishlari ham izchil olib borilmoqda.
Mas’ullar tomonidan pilla topshirish jarayonlarini o‘z vaqtida va sifatli tashkil etish, fermer va aholi manfaatlarini himoya qilish, rag‘batlantirish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadbir davomida soha rivojiga hissa qo‘shayotgan ilg‘or pillakorlar, fidoyi mehnatkashlar e’tirof etilib, ularning tajribasini ommalashtirish zarurligi qayd etildi.
Shubhasiz, joriy pilla mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish orqali Marhamat tumanida yuqori hosilga erishish, ipakchilik sanoatini rivojlantirish hamda aholi farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
