DOLZARB VAZIFALAR MUHOKAMA QILINDI
2026-04-14 08:30:00 / Majlislar

Marhamat tumani hokimi Ilyosbek Umrzaqov hamda tuman prokurori Ulugʻbek Azimov boshchiligida hududda amalga oshirilayotgan ishlar hamda kunning muhim vazifalari ijrosiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.
Unda tumandagi ustuvor yoʻnalishlar atroflicha muhokama qilinib, eng avvalo yoshlar bandligini taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Masʼullarga har bir mahalla kesimida ishsiz yoshlar bilan manzilli ishlash, ularni kasb-hunarga yoʻnaltirish va tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, soliq toʻlovlarini oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha aholi va tadbirkorlar oʻrtasida tushuntirish hamda targʻibot ishlarini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Bu borada soliq madaniyatini oshirish, qarzdorliklarni kamaytirish yuzasidan tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish lozimligi qayd etildi.
Yigʻilishda suv tushumlarini o‘z vaqtida taʼminlash, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari ham muhokama markazida boʻldi. Mutasaddilarga bu borada qatʼiy nazorat oʻrnatish vazifasi yuklatildi.
Bundan tashqari, mahallalarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, hududlarni yanada obod va fayzli maskanga aylantirish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi. Ichki yoʻllarni tartibga keltirish, tozalikni taʼminlash hamda jamoat joylarini namunali holga keltirish muhimligi alohida taʼkidlandi.
Shu bilan birga, aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanishini tashkil etish, ekin ekish tizimini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, yetishtirilgan mahsulotlarni realizatsiya qilishga koʻmaklashish orqali oilaviy daromadlarni oshirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Yigʻilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha masʼullarga aniq topshiriqlar berilib, ularning bajarilishi qatʼiy nazoratga olinishi taʼkidlandi.
