YANGI ISH O‘RINLARI – AHOLI BANDLIGI YO‘LIDA MUHIM QADAM
2026-04-05 11:30:00 / Yangiliklar

Marhamat tumani hokimi Ilyosbek Umrzaqov boshchiligida bandligi taʼminlanishi zarur boʻlgan fuqarolarning navbatdagi manzili “Yuksak tekstil 7” MChJ korxonasi bo‘ldi.
Ayni paytda qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan mazkur zamonaviy korxonada yaqin kunlarda ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Korxona ishga tushirilishi bilan tumanda qo‘shimcha 200 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu esa, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tashrif davomida mutasaddi rahbarlar tomonidan korxonada yaratilayotgan mehnat sharoitlari, ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilayotgan ish o‘rinlari bilan yaqindan tanishtirildi. Shuningdek, ishchilar uchun yaratilayotgan qulayliklar, jumladan, mehnat muhofazasi talablari, xizmat transporti, ovqatlanish sharoitlari hamda oylik ish haqi miqdorlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanganidek, ish haqi bajarilgan ish hajmi va malakaga qarab belgilanib, o‘z vaqtida to‘lab borilishi ta’minlanadi. Bundan tashqari, ishga yangi kirayotgan fuqarolar uchun o‘qitish va malaka oshirish tizimi ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
