JINOYAT ISHLARI BOʻYICHA MARHAMAT TUMAN SUDI TOMONIDAN TUMAN ICHKI ISHLAR XODIMLARI VA FUQAROLAR ISHTIROKIDA SAYYOR SUD MAJLISI HAMDA SEMINAR TASHKIL ETILDI
2026-03-28 13:30:00 / Yangiliklar

Jinoyat ishlari boʻyicha Marhamat tuman sudi tomonidan 2026-yil 27-mart kuni tuman Ichki ishlar boʻlimi bilan hamkorlikda tumandagi 3-sonli davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internarida sayyor sud majlisi hamda seminar mashg’uloti oʻtkazildi.
Oʻtkazilgan sayyor sudda tuman Ichki ishlar boʻlimi probatsiya guruhi tomonidan tayinlangan jazoni bir qismini oʻtagan, qilmishidan pushaymonligini bildirib, boshqa mahkumlarga oʻrnak boʻlayotgan 10 nafar mahkumga nisbatan tayinlangan jazolarni muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish, jazo o’tashdan bo’yin tovlab kelayotgan 4 nafar mahkumning jazosini og’irroq turdagi jazoga almashtirish to’g’risida kiritilgan taqdimnomalar ko’rib chiqildi. Bundan tashqari, tuman Ichki ishlar bo’limi tomonidan 2 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy nazorat o’rnatish haqidagi taqdimnomasi ko’rib chiqilib, qanoatlantirildi.
Shuningdek, sayyor sud davomida tuman sudining raisi U.Karimov so’z olib, dastlabki tergov organi tergovchilari tomonidan jinoyat ishlarini tergov qilishda ayrim kamchiliklar yo‘l qo‘yilayotganini, jumladan, sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvohlarning ko‘rsatuvlari to‘la va atroflicha tekshirilmayotgani, ayrim hollarda yetkazilgan zararlar miqdoriga aniqlik kiritilmayotganini, zararlarni qoplash chorasi ko‘rilmayotgani, ish yuzasidan ashyoviy dalillar olinmayotgani, so‘roq bayonnomalari, ayblov xulosalarini tuzishda imloviy xatolarga yo‘l qo‘yilayotganini, ayblanuvchilarning harakatlari birmuncha og‘irroq modda bilan malakalanayotgani aytib, kelgusida ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, tuman sudining tergov sudyasi J.Xafizov tuman Ichki ishlar xodimlari bilan seminar mashg’uloti o’tkazib, ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni rasmiylashtiruvchi organ mas’ul xodimlari bilan hujjatlarni rasmiylashtirishda ayrim kamchliklarga yo‘l qo‘yishayotganini, jumladan, ish bo‘yicha holatga aniqlik kiritish yuzasidan voqeaga bevosita guvoh bo‘lgan qo‘shimcha shaxslar jalb qilinib, ulardan tushuntirish xatlari olinmayotgani, huquqbuzarlik sodir etilganlik holati qo‘shimcha dalillar bilan aniqlashtirilmayotgani, huquqbuzarning harakatlariga to‘liq va atroflicha baho berilmayotgani, huquqbuzarlar va boshqa shaxslarning vajlari atroflicha tekshirilib, baho berilmayotgani, huquqbuzarlarga huquq va majburiyatlari tushuntirilmayotgani, ish hujjatlari tanishtirilmayotgani, bu holatlar ish yuzasidan qaror qabul qilishga monelik qilayotganini aytib, kelgusida ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Jinoyat ishlari boʻyicha
Marhamat tuman sudi
