“Effekt.uz”ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida “Marg‘ilon hokimi xalqdan yuz o‘girdimi?” sarlavhasi ostida tarqalgan murojaatga MUNOSABAT
2025-09-24 17:15:00 / Yangiliklar

Videomurojaatda bir guruh fuqarolar Marg‘ilon shahar hokimligiga kelib, "Turon" MFY, "Yangi Farg‘ona" ko‘chasi, 93-uy manzilida qurilgan 4 ta ko‘p qavatli uylarning narxi oshirilganligi va boshqa masalalar yuzasidan norozilik bildirganlar.
Ushbu masala bo‘yicha fuqarolar tomonidan tegishli tashkilotlarga muqaddam bir necha marotaba murojaat yo‘llangan.
Shahar hokimi Sh.Nisbatxonov ishchi guruh vakillari bilan birgalikda bugun "Turon" MFY, "Yangi Farg‘ona" ko‘chasi, 93-uy manzilida qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolarning murojaatlarini joyiga borib o‘rganib, murojaatchilar bilan yuzma-yuz suhbatlashdi.
Marg‘ilon shahar “Turon” MFY hududida qurib bitkazilgan arzon turdagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolarning ushbu murojaati va tegishli hujjatlar shahar hokimligi tomonidan tuzilgan Ishchi guruh vakillari ishtirokida joyiga borib o‘rganilganda quyidagilar aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi PF-5886 sonli Farmoniga asosan “O‘ZSHAHAR QURILISH INVEST” IK MCHJ buyurtmachiligida Marg‘ilon shahar “Turon” MFYda 7 qavatlik 168 xonadondan iborat 4 ta uylar qurilishi amalga oshirilib, 168 nafar fuqarolarga mulk egasi, buyurtmachi – “O‘ZSHAHAR QURILISH INVEST” IK MCHJ va bosh pudratchi – “Marg‘ilon ixtisoslashtirilgan ta’mir qurilish” MCHJ o‘rtasidagi o‘zaro uch tomonlama shartnoma asosida biriktirib berilgan.
Uch tomonlama shartnoma “O‘zshahar qurilish invest” IKning 2020-yil 24-yanvardagi №01/418-sonli xatida qat’iy belgilab berilgan narxlar asosida tuzilgan (mazkur xatda uylarning 1 kv.m uchun narx 4 585 911 so‘m etib belgilangan).
Qurib bitkazilgan uylar shahar hokimining 2020-yil 19-oktyabrdagi 463-son qarori bilan foydalanishga qabul qilingan.
Ushbu uylarning kredit mablag‘larini moliyalashtirish viloyat Ipoteka bank zimmasiga yuklatilgan. Viloyat Ipoteka bank tomonidan fuqarolarga amaldagi qonunchilikka asosan, o‘zaro ikki tomonlama shartnoma asosida quyidagi tartibda ipoteka kreditlari ajratib berilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-noyabrdagi PQ-2660-son, 2017-yil 23-oktyabrdagi PQ-3350-son qarorlariga asosan kvartiralarni yosh oilalarga, eskirgan uylarda yashovchilarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boshqa toifadagi fuqarolarga sotish shartlari belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ 3863-sonli qarorining 1-bandiga asosan fuqarolarga ipoteka kreditlari ishtirok etuvchi tijorat banklari tomonidan 2020 yilgi dasturlarni amalga oshirish doirasida 1 yillik imtiyozli davr hamda dastlabki 5 yil davomida har yili % stavkasini qat’iy belgilangan 7%dan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha;
Dastlab 1 yil faqatgina 7 % miqdorida foizlarni;
2-yildan boshlab 9% miqdorida tani bilan foizlari;
3-yildan 11% miqdorida tani bilan foizlari;
4-yildan 13% miqdorida tani bilan foizlari;
5-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida 20 yil muddatga ipoteka kreditlarini ajratish belgilab berilgan.
Shahar hokimligi tomonidan ushbu tartiblar bo‘yicha o‘sha davrda barcha uy sotib olayotgan fuqarolarga to‘liq tushuntirishlar berilgan va o‘z hohishiga ko‘ra arizalariga asosan uylar biriktirib berilgan.
Fuqarolar tomonidan videomurojaatda shahar hokimi qabuliga kira olmayotganliklari ham bildirilgan.
Shahar hokimining fuqarolar qabulini tashkil etishga mas’ul Devonxona bo‘limi vakillari tomonidan shu yilning 19-sentyabr kuni aynan ushbu murojaat egalari bilan shahar hokimi boshchiligida belgilangan vaqtda masalaga daxldor bo‘lgan mutasaddilar ishtirokida qabul tashkil etilayotganligi yuzasidan fuqarolar telefon orqali ogohlantirilgan. Biroq, qabul vaqti belgilanganidan 2 soat vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, murojaat egalari qabulga kelmagan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Farg‘ona viloyati bosh boshqarmasi mas’ul vakillari tomonidan fuqarolarning ushbu murojaatlari joyiga borib o‘rganilib, murojaat egalar bilan suhbat o‘tkazildi.
Suhbat davomida fuqarolar murojaatda ko‘rsatilgan uy-joylar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3863-son karoriga asosan imtiyozli kurilganligi, biroq tijorat asosida kurilgan uy-joylarga nisbatan qimmat narxlarda sotilganligi sababli bugungi kunga kelib kredit qarzdorliklarni to‘lashga imkoniyatlari yetarli emasliklarini ma’lym kilishdi.
Bundan tashqari, uy-joylarni smeta narxlarini kayta ko‘rib chiqilishini so‘rashdi. Shuningdek, fuqarolar Ipoteka bankning Farg‘ona viloyat filiali tomonidan ajratilgan kreditlarga hisoblanayotgan foizlarga ham e’tirozlari borligini bildirishdi. Ularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3863-sonli Qarorining 1-bandiga asosan 20 yil muddatga 2020 yildagi dasturlarni amalga oshirish doirasida 1 yillik imtiyozli davr hamda dastlabki 5 yil davomida har yili foiz stavkasini kat’iy belgilangan 7 foizdan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bir me’yorda oshib boradigan stavkada va keyingi davrda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida ustama to‘lash sharti bilan ipoteka kreditlari ajratilganligi hamda bu bo‘yicha bank bilan kredit shartnomalar tuzilganligi tushuntirib o‘tildi.
