Marg‘ilonda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-09-07 17:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov Marg‘ilon shahrida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar va ishbilarmonlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Raqamli texnologiyalar markazida tashkil etilgan uchrashuvda Markaziy bankning Farg‘ona viloyati Bosh boshqarmasi boshlig‘i Sanjarbek To‘rgunboyev, Marg‘ilon shahri hokimi Elbek Rustamov, shuningdek, viloyatdagi barcha tijorat banklari rahbarlari ishtirok etdi.
Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv davomida tadbirkorlarning mavjud muammolari, taklif va tashabbuslari atroflicha tinglandi. Jami 31 nafar tadbirkor va ishbilarmon o‘z murojaatlari bilan mutasaddi rahbarlarga yuzlanib, asosan tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish hamda bank kreditlarini ajratish masalalarida amaliy ko‘mak so‘radi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida har bir masalaga alohida yondashilib, tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni joyida hal etishga ustuvor ahamiyat qaratildi. Xususan, ko‘plab murojaatlar uchrashuvning o‘zida ijobiy hal etildi.
Qo‘shimcha o‘rganish va muayyan muddat talab etadigan ayrim masalalar esa tegishli mutasaddilarga yo‘naltirilib, ularning ijrosini ta’minlash hamda natijasi bo‘yicha tadbirkorlarga ma’lumot berish jarayoni nazoratga olindi.
Ochiq muloqot tadbirkorlar uchun o‘zlarini qiziqtirayotgan masalalar yuzasidan bevosita mas’ul rahbarlar bilan muloqot qilish, mavjud muammolarga yechim topish hamda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha zarur tavsiya va ko‘mak olish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.









