Mahalladagi muammolar manzilli o‘rganilib, amaliy yechimlar belgilanmoqda
2026-07-27 11:05:00 / Yangiliklar

Marg‘ilon shahrida hududlarni obodonlashtirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari holatini yaxshilash hamda aholi murojaatlarini joyida hal etishga qaratilgan manzilli o‘rganishlar davom etmoqda. Navbatdagi ishchi tashrif shahar hokimi Elbek Rustamov boshchiligida "Ipakchi" mahallasida tashkil etildi.
O‘rganish davomida mahalladagi gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq mavjud holat tahlil qilinib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, ichki ko‘chalarning holati, yo‘l infratuzilmasi, obodonlashtirish ishlari, sanitariya tozaligi, tungi yoritish tizimi hamda boshqa kommunal yo‘nalishlardagi masalalar ham atroflicha ko‘rib chiqildi.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullar ishtirokida muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish choralari belgilandi.
Ishchi guruh tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj va kambag‘allik reyestriga kiritilgan oilalar xonadonlariga ham tashrif buyurildi. Suhbatlar davomida ularning turmush sharoiti, bandligi, daromad manbalari hamda mavjud ehtiyojlari o‘rganilib, oilalarni doimiy ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga vazifalar yuklatildi.
Shahar hokimi mahalla faollari va fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, hududni rivojlantirish yuzasidan bildirilgan taklif hamda murojaatlarni tingladi. Qayd etilganidek, mahallalarda olib borilayotgan bunday manzilli o‘rganishlar mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, ularni tezkor bartaraf etish va aholining hayot sifatini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.









