Marg‘ilon shahrida mahallalarni kompleks o‘rganish ishlari davom etmoqda
2026-07-24 16:55:00 / Yangiliklar

Bugun erta tongdan Marg‘ilon shahri hokimi Elbek Rustamov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan shahardagi "Roxat" va "Vatan" mahallalarida kompleks o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
Mazkur o‘rganishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mahallalar infratuzilmasini yanada rivojlantirish, aholining turmush sharoitini yaxshilash, kommunal xizmatlar sifati hamda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini atroflicha tahlil qilishdan iborat bo‘ldi.
Ishchi guruh a’zolari tomonidan gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq mavjud muammolar joyida o‘rganilib, ularni bartaraf etish yuzasidan mas’ul tashkilotlar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, ichki yo‘llar holati, obodonlashtirish ishlari, sanitariya, ko‘cha yoritish tizimi hamda boshqa infratuzilma obyektlari ham batafsil ko‘zdan kechirildi.
Shu bilan birga, kambag‘allik reyestriga kiritilgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning yashash sharoiti, bandligi, daromad manbalari va mavjud muammolari xonadonma-xonadon o‘rganildi.
Aniqlangan muammolarni qisqa muddatlarda hal etish, aholini barqaror daromad manbai bilan ta’minlash, ularni tadbirkorlik va kasb-hunarga jalb etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.
O‘rganishlar davomida shahar hokimi mahalla faollari hamda fuqarolar bilan uchrashib, ularning taklif va murojaatlarini tingladi. Ta’kidlanganidek, mahallalardagi muammolarni joyida aniqlash va tezkor bartaraf etish aholining farovon hayotini ta’minlash hamda hududlarni izchil rivojlantirishning muhim omillaridan biridir.









