Marg‘ilonda ta’lim uchun yana bir yangi qadam: "My School" o‘quv markazining uchinchi filiali ish boshladi
2026-07-06 20:20:00 / Yangiliklar

Marg‘ilon shahrining Zuhro mahallasida zamonaviy ta’lim imkoniyatlarini yanada kengaytirish yo‘lida muhim qadam tashlandi. "My School" o‘quv markazining Farg‘ona viloyatidagi uchinchi filiali tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
O‘quv markazining ochilish marosimida shahar hokimi Elbek Rustamov boshchiligidagi nuroniylar, yoshlar, mahalla faollari, ta’lim sohasi vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga olganlar mamlakatimizda yoshlarni sifatli ta’lim bilan qamrab olish, ularning xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishi va zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida so‘z yuritdilar.
Ta’kidlanganidek, bunday xususiy ta’lim muassasalarining ko‘payishi ta’lim sifati va raqobat muhitini yuksaltirishga, eng muhimi, yoshlarning bilim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Zamonaviy talablar asosida barpo etilgan mazkur o‘quv markazi bir vaqtning o‘zida 150 nafar, umumiy hisobda esa 700 nafargacha o‘quvchini qamrab olish imkoniyatiga ega. Barcha o‘quv xonalari zamonaviy jihozlar, interaktiv texnologiyalar va qulay shart-sharoitlar bilan ta’minlangan.
E’tiborli jihati shundaki, ushbu markazda viloyatimizdagi eng malakali ingliz tili o‘qituvchilari faoliyat yuritadi. Bu esa o‘quvchilarning xalqaro standartlar asosida bilim olishi, til ko‘nikmalarini yuksaltirishi va kelajakda nufuzli oliy ta’lim muassasalari hamda mehnat bozorida munosib o‘rin egallashi uchun mustahkam zamin yaratadi.
Tadbir yakunida mehmonlar o‘quv markazida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, yoshlarga taqdim etilayotgan imkoniyatlarni yuqori baholadilar. Yangi filialning ishga tushishi Marg‘ilon shahrida ta’lim sohasini yanada rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning bilim salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan muhim loyihalardan biri sifatida e’tirof etildi.









