MARGʻILON SHAHAR 4-SON TEXNIKUMIDA XALQARO HAMKORLIK: “AUSBILDUNG” DASTURI JORIY ETILDI
2026-07-02 15:35:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda Prezidentimizning tashabbusi bilan har haftaning payshanba kuni vazirliklar, idoralar va hokimliklarda “Yoshlar kuni” o‘tkazilishi belgilandi. Bu kunda sohaga mas’ul rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarga chiqib, yoshlarning murojaat va muammolarini tinglab, yechim topishi kerak bo‘ladi.
Bu borada bugun Marg’ilon shahar hokimi Elbek Rustamov Marg'ilon shahar 4-son texnikumida o’quvchi yoshlar bilan uchrashib ular bilan yuzma-yuz muloqot olib bordi.
Xorijiy ish beruvchilarning talab va buyurtmalari asosida malakali kadrlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida Germaniyaning “Askania Bildung” kompaniyasi bilan hamkorlikda vodiyda yagona bo‘lgan Marg'ilon shahar 4-son texnikumida nemis ta’lim dasturi asosida “Ausbildung” tizimini joriy etish yo‘lga qo‘yilgan.
“Ausbildung” tizimi bo‘yicha o‘qish muddati texnikumlarda 3 yil etib belgilanib o‘quvchilar o‘qish muddatining birinchi yilini (7 oy davomida) O‘zbekistonda qolgan ikki yilini esa Germaniyada amalga oshirishi rejalashtirilgan.
E'tiborli jihati shundaki, Germaniya davlatida kasbiy ta’lim olish imkoniyatini beruvchi Ausbildung dasturi doirasida tashkil etilgan saralash suhbatlarida Marg'ilon shahar 4-son texnikumining 3 nafar o‘quvchilari muddatidan oldin muvaffaqiyatli o‘tganliklari sababli ularga mehnat shartnomalari yuborildi.
Shahar hokimi texnikumda “Ausbildung” tizimi bo‘yicha ta’lim olib kelayotgan yoshlarning dars jarayonlarida ham bevosita ishtirok etdi.
Shahar hokimi yoshlar bilan ochiq muloqotga kirishar ekan, ertamiz egalari bo‘lgan o‘g‘il-qizlarga butun mamlakatimizda bugungi kunda yaratib berilayotgan imkoniyatlarni alohida e’tirof etib o‘tdi.
Yoshlar shahar hokimiga ta’lim sohasida amalga oshirilishi lozim bo’lgan tizimli islohotlar va boshqa turli murojaat va takliflar bilan tog’ridan to’g’ri yuzlandilar. Murojaat va takliflar qabul qilinib, ijrosini ta’minlash bo’yicha mas’ullarga yo’naltirildi.









