1-iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni MAHALLADA BAYRAM SHUKUHI
2026-06-02 09:45:00 / Yangiliklar

Marg‘ilon shahridagi Zuhro mahallasida 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni hamda mamlakatimiz mustaqilligining qutlug‘ 35 yilligi arafasida aholi, ayniqsa bolajonlarga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida musiqali madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mahalla ahli, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Bayram davomida shahar Madaniyat markazining xushovoz honandalari tomonidan Vatanga muhabbat, tinchlik, do‘stlik hamda beg‘ubor bolalikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, yig‘ilganlarga xush kayfiyat bag‘ishladi.
Tadbir doirasida bolalar uchun turli ko‘ngilochar dasturlar, qiziqarli viktorinalar va sahna chiqishlari namoyish etildi. Ayniqsa, sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalar yosh ishtirokchilarning faolligini yanada oshirdi. Arqon tortish hamda boshqa sport bellashuvlarida qatnashgan bolalar o‘zlarining chaqqonligi, epchilligi va iqtidorlarini namoyon etdilar.
Mehr-oqibat, birdamlik va ezgu qadriyatlar mujassam bo‘lgan ushbu tadbir mahalla ahliga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, sog‘lom turmush tarzi va ma’naviy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.






