Marg‘ilon shahrida savdo faoliyatini qonuniylashtirish va nazorat-kassa texnikalaridan foydalanish bo‘yicha o‘rganishlar olib borildi
2026-02-12 15:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5813-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 943-son qarori bilan tasdiqlangan “Onlayn nazorat-kassa texnikalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga muvofiq, Marg‘ilon shahri hududida joylashgan bozorlarda savdo faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyati o‘rganildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 221-moddasi hamda boshqa tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablariga asosan, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan onlayn nazorat-kassa mashinalari, to‘lov terminallari hamda elektron to‘lov tizimlariga ulanish majburiyligi yuzasidan monitoring ishlari olib borildi.
O‘rganish jarayonida ayrim tadbirkorlik subyektlari tomonidan onlayn nazorat-kassa mashinasi, bank to‘lov terminali va “Xolis Paynet” ilovasini o‘rnatmasdan, shuningdek, tegishli ruxsat etuvchi hujjatlarsiz va noqonuniy faoliyat yuritib kelayotgan holatlar aniqlandi. Mazkur holatlar yuzasidan tadbirkorlarga amaldagi qonunchilik talablari, jumladan, naqd va naqdsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi hamda fiskal intizomga rioya etish bo‘yicha batafsil tushuntirish ishlari olib borildi.
Qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilgan va hujjatlarsiz faoliyat olib borayotgan ayrim tadbirkorlik subyektlarining savdo shoxobchalari belgilangan tartibda vaqtincha muhrlandi. Mazkur choralar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ravishda qo‘llanildi.
Tadbirkorlarga savdo faoliyatini qonuniy asosda tashkil etish, davlat ro‘yxatidan o‘tish, soliq organlarida hisobga qo‘yilish hamda onlayn nazorat-kassa texnikalarini o‘rnatish zarurligi yuzasidan amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatildi. Shu kunning o‘zida faoliyati rasmiylashtirilmagan tadbirkorlik subyektlari belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Bundan tashqari, tadbirkorlarni “Xolis Paynet” ilovasiga ulash, ilovani yuklab olish, ro‘yxatdan o‘tish va ishga tushirish jarayonlarida texnik hamda amaliy ko‘mak berildi. Onlayn nazorat-kassa mashinalarini o‘rnatish va to‘lov terminallarini ishga tushirish bo‘yicha ham tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda zarur choralar ko‘rildi.
Mazkur tadbirlarning asosiy maqsadi — savdo sohasida qonuniylikni ta’minlash, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq tushumlarini oshirish hamda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishdan iboratdir.





