11 fevral – "Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni"
2026-02-11 17:25:00 / Yangiliklar

Marg‘ilon shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi shahar bo‘linmasi va doimiy hamkorlar bilan birgalikda shahar Madaniyat markazida “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar: xotin-qizlarning jamiyat va oiladagi o‘rni” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi yosh qizlarni ilm-fanga keng jalb etish, ularning zamonaviy kasblar, xususan axborot texnologiyalari, dasturiy injiniring va kiberxavfsizlik sohalariga bo‘lgan qiziqishini oshirish, shuningdek, xotin-qizlarning jamiyat taraqqiyoti va oila mustahkamligidagi muhim o‘rnini targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, ikkinchi darajali "Sog‘lom avlod uchun" ordeni sohibasi, shoira O‘ktamxon Soliyeva, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Dilfuza Abdullayeva, Filippin davlatidan tashrif buyurib hozirgi kunda shahardagi 18-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchi yoshlarga ingliz tili fanidan ta’lim berib kelayotgan Glesil Pitagolar so‘z olib, ilm-fan sohasida faoliyat yuritayotgan ayollarning yutuqlari, ularning tajribasi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishning ahamiyati haqida o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.
Shundan so‘ng ilm va fan sohasidagi izlanishlari va iqtidori uchun bir guruh qizlar shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
Tadbir davomida shahar Madaniyat markazining sohirnafas san’atkorlari tomonidan ijro etilgan dilrabo kuy va qo‘shiqlar barchani birdek raqsga chorladi.









