#RASMIY_MUNOSABAT
2025-11-06 09:40:00 / Yangiliklar

“Xofiz Ko‘hakiy 2 masjidi” haqida e’lon qilingan tanqidiy maqola yuzasidan rasmiy munosabat
📌 So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi “Xofiz Ko‘hakiy 2 masjidi”ning yaroqsiz holati va obyektdan noto‘g‘ri maqsadda foydalanilayotgani haqida tanqidiy material e’lon qilindi. Shu munosabat bilan mazkur obyektdagi real holat va ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:
“Xofiz Ko‘hakiy 2 masjidi” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qaroriga asosan Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan obyektdir.
2022-yil 4-aprel sanasida ushbu obyektdan davlat kadastr ro‘yxatidan rasmiy o‘tkazilgan.
📍 Masjid XVI asrga oid bo‘lib, Toshkent shahri Olmazor tumani Sag‘bon ko‘chasi, 8/22-uy manzilida joylashgan. Uning umumiy yer maydoni 230 kvadrat metrni tashkil etadi.
Texnik holati va aniqlangan muammo
Hozirda mazkur yodgorlik Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasi balansida bo‘lib, mahalla fuqarolari tomonidan vaqtincha omborxona sifatida foydalanilmoqda. Obyektning texnik holati qoniqarsiz bo‘lib, mutaxassislar uni avariya (xavfli) holatida ekanini aniqlagan. Mazkur bino oddiy restavratsiya orqali tiklanmasligi, balki to‘liq rekonstruksiya qilinishi zarurligi ta’kidlangan.
Ko‘rilayotgan choralar
So‘nggi yillarda obyektni saqlab qolish maqsadida Madaniy meros agentligiga bir necha marotaba murojaatlar kelib tushgan. Natijada mutaxassislar tomonidan joyiga chiqilib, holat o‘rganilgan va tegishli xulosa hamda tavsiyalar ishlab chiqilgan. Hozirda “Xofiz Ko‘hakiy 2 masjidi”ni 2026-yilgi yillik restavratsiya dasturiga kiritish rejalashtirilgan.
Madaniy meros agentligi har bir tarixiy obida holatini tizimli ravishda o‘rganib boradi. Jismoniy va yuridik shaxslar, jumladan OAV va fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan bildirilayotgan fikrlar muhim va e’tiborda. Shu bois, mavjud muammolarga zudlik bilan yechim topish, tarixiy obidalarni asrab-avaylab, kelajak avlodga yetkazish borasida zarur choralar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Shuni ma'lum qilamizki, tanqidiy chiqishlarda ko‘tarilgan masalalar inobatga olinib, tubdan yechim topish uchun mas’ul idoralar bilan hamkorlikda ishlar olib boriladi.
