Kosonda "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida hashar ishlari davom etmoqda
2026-07-20 19:00:00 / Yangiliklar

Kosonda "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida hashar ishlari davom etmoqda
Bu yil O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida keng nishonlanadi. Bayram arafasida Prezidentimiz topshiriqlariga asosan mamlakat bo‘ylab “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” o‘tkazilmoqda.
Koson tumanida ham oylik doirasida keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish va hashar ishlari tashkil etilmoqda. Jumladan, bugun tumandagi "Lolazor" mahallasida oqshom soat 17:30 dan keyin katta hashar ishlari boshlandi.
Hozirda mahallaning Geolog ko‘chasidagi chiqindixona tozalanib, atrofdagi daraxtlar oqlanmoqda. Shuningdek, hududni tartibga keltirish, yo‘l chetlarini begona o‘tlardan tozalash, ariq-zovurlarni obod qilish hamda yashil hududlarni parvarishlash ishlari olib borilmoqda.
Hasharda mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar, korxona va tashkilotlar xodimlari hamjihatlikda ishtirok etib, mahallani yanada obod va fayzli maskanga aylantirishga o‘z hissalarini qo‘shmoqda.
Bunday ezgu tashabbuslar aholi o‘rtasida birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash, mahallalarni yanada ozoda, obod va yashash uchun qulay maskanga aylantirishga xizmat qiladi.









