PAXTAGA QO‘SHIMCHA ISHLOV BERING VA HOSILINGIZGA HOSIL QO‘SHING!
2026-07-22 14:50:00 / Yangiliklar
Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston fermerlari kengashining qo‘shma
MUROJAATI
Hurmatli dehqon va fermerlar hamda agrar soha xodimlari!
Bu yilgi tabiat qiyinchiliklariga qaramasdan, Siz fermer va dehqonlar tomonidan tuman bo‘yicha 13.5 ming gektar shundan, Shinjon usulida 8.3 ming gektar maydonlarda paxta parvarishlanmoqda.
Barchamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi o‘ta murakkab iqlim sharoitida ko‘plab sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, ayniqsa bu yil iyul oyining har yilgidan ko‘ra ikkinchi yarmi o‘ta issiq kelayotganligi sababli suvchi, mexanizator hamda chekanka (chilpish) qiladigan dala ishchilariga ish haqqilarini o‘z vaqtida berib, paxtangizda agrotexnik tadbirlarni, jumladan, sug‘orish, kultivatsiya qilish va chikankani o‘z vaqtida tashkil etishni davr taqazo etmoqda.
Xalqimiz Sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir suvchi va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator va agronomlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari timsolida ana shunday fidoyi insonlarni ko‘radi va el-yurt dasturxonini to‘kin qilish yo‘lidagi sharafli va olijanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi.
Murakkab ob-havo sharoitidan tortib, eng kerakli agrotexnik tadbirlarni qo‘llashgacha bo‘lgan jarayonlardan eson-omon o‘tish oson kechmaydi, albatta.
Eng muhimi, bu yil iyul oyining so‘ngi o‘n besh kunligi va avgust oyining birinchi o‘n kunligi jazirama issiq kunida paxtaning hosilini olib qolib, tunu kun qilgan halol zahmatli xizmatlari mevasi naqadar totli ekanini hosil pishib yetilib, o‘z vaqtida terib-yig‘ib olinib, xirmonga to‘kilgan damda, asosiysi, belgilangan rejalar oshirib uddalanganidan keyingina anglab yetadi.
Ana shundagina fermerning ko‘ngli xotirjam bo‘ladi. Buning uchun esa har bir fermer xo‘jaligi rahbari bugundan boshlab o‘z paxta dalasida “Dolzarb – 20 kun” eʼlon qilishi lozim.
Himmati baland mirishkor fermerlar!
Iyul-avgust oylarida bajariladigan agrotexnik tadbirlarning ahamiyati paxta hosildorligini oshirishda nihoyatda muhim. Negaki, hosilning ertagi, sifatli va mo‘l bo‘lishi ayni shu oydagi mehnat natijasi bilan o‘lchanadi. Zero, g‘o‘za agrotexnikasi talablarga muvofiq bajarilsa, rivoji tezlashib, ko‘saklarga ko‘sak qo‘shiladi, erta pishib yetiladi, hosilga baraka kiradi.
«G‘o‘za pishmaydi» degan qarash noto‘g‘ri. O‘zbekistonning qisqa vegetatsiya sharoitida uning pishishini texnologik reja asosida boshqarish kerak. Yashil ko‘sak emas, pishgan, ochilgan va terib olingan paxta haqiqiy hosildir.
Yuqoridagidan kelib chiqib, paxtadan yuqori hosil olish uchun iyul-avgust oylarida yana biz fermerlar tomonidan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish zarur bo‘layotganligini hamda ortiqcha yetishtirilgan har bir kilogramm paxta uchun qo‘shimcha daromad olishingizni yurakdan his etib, quyidagi tadbirlarni har qachongidan ham masʼuliyat bilan yondashib amalga oshiraylik!
Birinchidan, barcha dehqonlarning o‘rni dalada bo‘lishi, ayniqsa suvchi, mexanizator, entomologlar o‘z ishiga o‘ta jiddiy yondashmog‘i darkor;
Ikkinchidan, buning uchun davlatimiz rahbari tomonidan berilayotgan imtiyozlardan foydalangan holda suvchilarga 1 mln 500 ming so‘mdan, mexanizatorlarga 1 mln so‘mdan hamda chikanka (chilpish) qiladigan dala ishchilarga gektariga 200 ming so‘mdan ish haqqi berilishini 10 kun muddatda yakunlang;
Uchinchidan, o‘z dalangizda zarur shart-sharoitlar yaratib, jumladan issiq ovqatlarni doimiy ravishda tashkil qiling;
To‘rtinchidan, g‘o‘zani yana bir marta sharbat usulida qondirib sug‘orish, buning uchun suvchilarga barcha shart-sharoit yarating, tungi sug‘orishni yo‘lga qo‘yib, sug‘orish ishlarini yakunlang. Bunda, suvdan to‘g‘ri, oqilona foydalaning, sug‘orishda ko‘llatmasdan sug‘orib, kam suv bilan tez-tez sug‘orishni tashkil qiling, zovurga tashlamaslik choralarini ko‘rib suvni ortiqcha isrof qilinishiga yo‘l qo‘ymang;
Beshinchidan, zararkunanda hasharotlar – ko‘sak qurti, o‘rgimchakkana, beda qandalasi, qora shira xurujidan himoya qilishni kuchaytiring, uyg‘unlashgan kurash choralarini keng qo‘llang;
Oltinchidan, g‘o‘zaning gullash va ko‘saklash davrida droja, aspirin hamda tarkibida bor kislotasi, temir, kalsiy bo‘lgan mikroo‘g‘itlardan foydalangan holda bargdan ishlov bering yoki tomchilatib sug‘orish shlanglari orqali oziqlantiring.
