Koson tumani hokimi xitoylik tadbirkorlar bilan uchrashdi
2026-01-07 15:20:00 / Yangiliklar

Koson tumani hokimi Asrol Boykarayev Xitoy Xalq Respublikasidan Koson tumanida faoliyat yuritayotgan “Qashqadaryo Jingu” MCHJ vakillari bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida Koson tumani hududida 2026 yil paxta hosilini yetishtirish bo‘yicha hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Jumladan, paxta yetishtirish jarayonida qo‘llaniladigan zamonaviy agrotexnik tadbirlar, suv ta’minotini barqaror tashkil etish, sug‘orish tizimlarini takomillashtirish hamda paxta maydonlarini agrotexnik suv bilan o‘z vaqtida va me’yorda ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yuqori hosildorlikka erishish, resurslardan samarali foydalanish va keyingi bosqichda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha aniq rejalar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda belgilangan vazifalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.


